Chempionlar ligasi. 1/4 final. Birinchi o‘yin
«Bavariya» — «PSJ» — 2:3 (1:2)
Gollar: Mbappe, 3 (0:1). Markinos, 28 (0:2). Shupo-Moting, 37 (1:2). Myuller, 60 (2:2). Mbappe, 68 (2:3).
«Bavariya»: Noyyer, Alaba, Zyule (Boateng, 42), Ernandez, Pavar, Kimmix, Myuller, Koman, Goretska (Deyvis, 33), Shupo-Moting, Sane.
«PSJ»: Navas, Markinos (Errera, 30), Kimpembe, Diallo (Bakker, 46), Dagba, Geyye, Draksler, Danilu Pereyra, Di Mariya (Kin, 71), Neymar (Rafinya, 90), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Ernandez, 35. Draksler, 62. Kimmix, 70. Boateng, 72. Shupo-Moting, 89.
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).
7 aprel. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni.

Chorshanba kuni Myunxenda qor yog‘di. Germaniyada odatda bunday sharoitdagi futbol Rojdestvo kunlarida — Bundesliganing birinchi davrasining so‘nggi turida kuzatilardi. Aftidan, noodatiy ob-havo ham bu oqshom muxlislarni qandaydir o‘zgacha o‘yin kutayotganidan darak berardi. Bu o‘tgan mavsum finali remeyki emas, yangi va jozibador tarix bo‘lishini ko‘pchilik his qilib turardi.

Solishtirishlardan qochib bo‘lmasdi, faqat yetti yarim oy ichida ko‘p narsa o‘zgardi. «Bavariya» muxlislari ilohiylashtirayozgan Hans Flik sport direktori Hasan Salihamidjich bilan til topisha olmayapti va Germaniyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, yozda klubni tark etishi mumkin. «PSJ» esa yangi yilni yangi bosh murabbiy Maurisio Pochettino bilan kutib olgan.

Argentinalik mutaxassisning ishidan xulosalar qilishga hali erta, hozirgi taassurotlar hech narsani anglatmaydi. Jamoa o‘tgan bosqichda «Barselona»ga qarshi «Kamp Nou»da kechgan o‘yinda to‘la ustunlikka erishganida murabbiyning ham qo‘li bor. Boshqa tomondan — parijliklar Fransiya chempionatida o‘zlariga xos bo‘lmagan ikkinchi o‘rinda ketishmoqda, Pokettino qisqa vaqt ichida nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblari «Monako» va «Lill»ga, balki ligada qolish uchun kurashayotgan «Loryan» va «Nant»ga ham yutqazdi.

Soddaroq aytganda, hozirgi «PSJ» endi Tomas Tuxelning davridagi jamoa emas, shu bilan birga, hali Pochettino jamoasiga aylana olgani yo‘q. Yangi jamoa to‘liq shakllanmagan va Neymarning nima qilishini oldindan bilib bo‘lmaydi. To‘rt kun muqaddam braziliyalik futbolchi ichki chempionat o‘yinida qizil kartochka olgandi, endi esa 30-daqiqagacha ikki dohiyona pas muallifi bo‘ldi va Myunxendagi o‘yin oldidan Instagram’dagi sahifasida bejiz buyuk basketbolchi Kobi Brayantdan iqtibos keltirmaganini isbotladi: «Odamlar men qanchalar g‘alabalar shaydosi ekanimni tushunishmaydi».