Buyuk Britaniyada Yelizaveta IIning turmush o‘rtog‘i, Edinburg gersogi, shahzoda Filippni dafn etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Televideniyeda marosim jonli translatsiya qilindi. Gersogning tanasi solingan tobut qirollik xonadonining Vindzor qal'asi yaqinida joylashgan shaxsiy ibodatxonasi - avliyo Georgiy butxonasiga olib borildi. Dafn marosimi vaqtida tobut ortidan saroydagi yuqori martabali amaldorlar hamda qirollik oilasi a'zolari yurib borishdi: gersogning farzandlari shahzoda Charlz, Endryu, Edvard va malika Anna, shuningdek, gersogning katta nabiralari shahzoda Uilyam va Harri.

Qirolicha Bentley State Limousine avtomobilida ortdan bordi.


Butxonaga tobut Land Rover Defender 130 avtomobilida olib borildi. Gersog shaxsan uni dafn marosimlari uchun moslashtirgandi. Britaniyadagi Land Rover kompaniyasi Defender 130 avtomobilini 2003 yilda ishlab chiqargan. O‘sha yilda gersog uni o‘z dafn marosimi uchun moslashtirishga kirishgan. U dizaynga so‘nggi o‘zgartirishni 2019 yilda kiritgan. Xususan, gersogning iltimosiga ko‘ra, avtomobil «armiyacha» yashil rangga bo‘yalgan, uning kuzovi ochiq qoldirilgan va tobut tashish uchun maxsus tayanch o‘rnatilgan.
Gersog bilan vidolashuv marosimida yuzlab harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi. Ular orasida shahzoda Filipp xizmat qilgan Buyuk Britaniya qirollik harbiy-dengiz floti vakillari, shuningdek, Shotlandiya gvardiya polklari hamda qirollik harbiy-havo kuchlari vakillari bor edi.



Qirollik otliq artilleriyasi marosim vaqtida to‘plardan o‘q uzdi. Shahzodaning tobuti ustiga uning shaxsiy shtandarti (bayrog‘i), qilichi va flotdagi furajkasi qo‘yildi.

















