Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangiqo‘rg‘on va Termiz tumanlarida imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilganlarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani va Surxondaryo viloyati Termiz tumanida imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan bank mutasaddilariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yangiqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Y.O.» MChJ rahbari S.M. «Agrobank» Yangiqo‘rg‘on filiali mas'ul shaxslari bilan oldindan til biriktirib, imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Jumladan, ular «Har bir oila-tadbirkor» dasturi doirasida hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritish orqali chorvachilik yo‘nalishida 8 nafar fuqaro nomiga ularning xabardorligisiz 260,2 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini kredit ajratib, so‘ng o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Shuningdek, AT «Xalq banki»ning Termiz tumanida joylashgan Uchqizil filiali bo‘limi boshlig‘i Sh.T. 4 nafar fuqaroning xabardorligisiz ularning nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini tashkil etgan. So‘ng, qalbaki muhr va shtampdan foydalanib, «Hunarmand» boshqarmasidan tegishli tavsiyanoma olib, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ajratilgan 132 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Mavzuga oid
09:23 / 26.03.2026
2025 yilda eng ko‘p xonadon Namanganda foydalanishga topshirildi
08:52 / 19.03.2026
Namangan, Qashqadaryo va Samarqandda kontrafakt dori vositalari aniqlandi
17:58 / 17.03.2026
Namanganda soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, elektr uchun to‘lov cheklanadi
21:57 / 13.03.2026