Toshkentda Iqtisodiyot assambleyasi hamda Mebelchilar va yog‘ochsozlik sanoati uyushmasi tomonidan turli soha vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda assambleya raisi, xalqaro iqtisodchi Muxtor Umarov tadbirkorlikni rivojlantirishda zarur omillar xususida fikr bildirdi.
«Oldimizda turgan eng muhim maqsad – ilmni rivojlantirish va uni biznes bilan integratsiya qilishdan iborat. Biz ilm borasida ancha ortda qolib ketmoqdamiz.
Bugungi kunda dunyoda eng rivojlangan sohalardan biri raqamli tijorat bo‘lib qoldi. Masalan, Alibaba kompaniyasini oladigan bo‘lsak, kompaniyaning 250 million a'zosi bor. Ammo O‘zbekistondan hech kim Alibaba’ga mol sotayotgani yo‘q.
Biznesmen sifatida ayrim kamchiliklarimizni aytaman. Misol uchun, bojxona imtiyozlaridan xabarimiz yo‘q. U yerda «yashil yo‘lak» tizimi joriy etilgan. Lekin ko‘p tadbirkorlar uni tushunmayapti. Kerak bo‘lsa, yuklarni bojxonadan onlayn o‘tkazish mumkin. Lekin tadbirkorlar o‘zlari ovora bo‘lishyapti. Chunki ular bu imkoniyatlardan bexabar.
Yana bir og‘riqli nuqtamiz – kadrlar yetishmasligida. Har bir tadbirkorga va umuman, butun jamiyatga bilimli, salohiyatli kadrlar yetishmayapti.
Bugun birlashadigan paytimiz keldi. Tadbirkorlar birlashishi, o‘z ustida ishlashi, qonun tashabbuskorligida ham bemalol qatnashishi eng muhim masala bo‘lib turibdi», deya tashkilot raisi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov bojxona tizimini raqamlashtirish va buning tadbirkorlarga beradigan qulayligi haqida gapirdi.
«Hamma idora o‘zicha islohot qilyapti. Lekin tizimli islohot yo‘q. Biz bojxonada islohotning drayveri bo‘lishga harakat qilyapmiz-u, lekin oqsayapmiz. Nega? Sababi bojxona lokomotiv bo‘lib tushganida, orqada 10ta, 20ta vagonni tortib ketishingiz kerak. Ya'ni orqada barcha ruxsatnoma beruvchi va boshqa hamkorlikda ishlaydigan idoralar bor. O‘shalar «tormoz»ni bosib qo‘yadi. Sertifikat olish qiyin bo‘lgani uchun bojxonada rasmiylashtiruv qiyin.
Lekin yakuni bojxona bo‘lgani uchun hamma tosh bizga otiladi. Bunda raqamlashtirish hamma narsani yengib o‘tadi. Biz eng oliy maqsadimizni raqamlashtirishga qo‘yganmiz va har bir qilayotgan o‘zgarishimizni loyihaviy boshqaruvga asoslantirmoqdamiz.
Biz raqamlashtirish orqali ish hajmini kamaytirdik. Misol uchun, ikki yil oldin har bir mashina yoki vagonni ochgan bo‘lsak, hozir 30 foizi ham ochilmaydi. Chiqmayapmiz ham, ko‘rmayapmiz ham. Kelajakda buni 5 foizgacha tushiramiz.







