AOKAda Milliy gvardiya hamda Jamoat xavfsizligi universiteti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda universitet faoliyati hamda sohaga malakali kadrlar tayyorlash tizimi muhokama etildi.

«Jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori mamlakatimizning tinchligi va osoyishtaligiga bo‘lgan har qanday tahdidlarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlarning kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Qaror bilan Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil qilinib, malakali kadrlarni maqsadli tayyorlashni amalga oshiruvchi bazaviy oliy harbiy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.

Universitetda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya uchun — jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasining tegishincha jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va pasport tizimi talablarini amalga oshirish yo‘nalishlarida, Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlanadi.

Xususan,

  • harbiy diplomatiya;
  • yurisprudensiya va iqtisodiyot;
  • muhandislik-texnik;
  • tarbiyaviy-psixologik;
  • qo‘mondonlik-taktik;

hamda o‘z qo‘riqlash tuzilmalariga ega bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari uchun —

  • qo‘riqlash faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish

yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlanadi.

Universitetda professional kadrlarni tayyorlash jarayoniga bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta'lim tizimi joriy etiladi. Universitetning asosiy vazifasi —malakali mutaxassislarni tegishli ixtisoslik va huquqshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan holda o‘qitish hamda ularni jangovar va jismoniy tayyorgarlikdan o‘tkazish orqali maqsadli tayyorlash.