Lekin atrofga nazar soling: katta-kichik shaharlarimizning ko‘chalari allaqachon avtomobillarga to‘lib-toshgan. Katta tirbandliklar ro‘y bermoqda. Mahalliy rahbarlarimiz esa bu muammoning yechimini faqat ko‘chalarni yanada kengaytirishda ko‘rishmoqda.

Shahar eng avvalo inson uchun

Ko‘cha kengayar ekan, u o‘z bag‘riga yanada ko‘proq mashina sig‘dira boshlaydi. Chunki avvallari ko‘cha noqulay deb avval boshqa tomondan yo‘l solgan haydovchilar ham rulni shu yoqqa bura boshlashadi. Bu allaqachon bizdan farovonroq davlatlarning boshidan kechgan masala. Ko‘chalarni kengaytirish — aslo muammoning yechimi emas.

Katta shaharlarimiz markaziy qismlarida toki pulli turargohlar qilinmas ekan, bu joylarda avtomobillar harakatini cheklab, qiyinlashtirib, jamoatchilik transportiga keng yo‘l ochilmas ekan, bizni Pokiston, Misr kabi davlatlarda bo‘lganidek, ko‘chalarda xaos kutmoqda.

Hech bir svetofor va YPX xodimi ham bu xaosni tartibga sola olmaydi. Kech bo‘ladi.

Yuqoridagi suratda bir avtobusga joy bo‘ladigan odamlar ko‘chada nechta mashinada harakatlanishi mumkinligi tasvirlangan. Chindan ham do‘ppini bir chekkaga olib, bosh qotirib ko‘rsa bo‘ladigan masala.

Shahar eng avvalo insonlarning emin-erkin harakati, bemalol nafas olishi va hordiq chiqarishi uchun bo‘lishi kerak. Shahardagi ko‘chalar va maydonlar insonlarga xizmat qilishi kerak, temir mashinalarga emas.

Butun jahonda avtomobil, umuman, transport bir nuqtadan ikkinchisiga tezroq yetib olish uchun harakatlanish vositasi hisoblanadi. Faqat «ko‘rmaganning ko‘rgani qursin» qabilida yashay boshlagan possovet davlatlarida avtomobil boylik, hayotda bir narsaga erishganlik belgisi. Kamida tanishlari, qo‘ni-qo‘shnilari ko‘z o‘ngida bir narsani isbotlab qo‘ygisi kelgandek, mashina xarid qilishga qiziqadi.

O‘zbekning «ikkinchi xotini»

O‘zbekistonda avtomobil allaqachon yana bir ro‘zg‘or — «ikkinchi xotin» maqomini olib bo‘lgan. Bu haqda azaldan hazilomuz latifalar bor edi. Lekin asta-sekin bu hazillar yurtimizda hayotiy haqiqatga do‘nib bo‘lgan.

Chunki ko‘pchiligimiz avtomobil xarid qilganimizdan so‘ng undan ish-uy-bozor rejimida foydalanishdan tashqari, avvalo uni go‘yoki kelinchakdek bezatamiz. Auksionga pul sarflab, chiroyli avtoraqam tanlaymiz.