O‘zbekistonga vazir Mixail Murashko boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi tashrifi boshlandi.
«Delegatsiya tarkibiga Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, shuningdek, akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun'iy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sergey Gote va N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti rektori Sergey Lukyanov kabi yuqori darajadagi mutaxassislar kirdi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yuqori darajadagi muntazam uchrashuvlar bilan tavsiflanadi. Xususan, 2017 yilning aprel oyida mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga davlat tashrifi bilan bordi. Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, qator dolzarb xalqaro va mintaqaviy mavzular bo‘yicha fikr almashildi. Tashrif davomida hukumatlararo, idoralararo va korporativ hujjatlar to‘plami imzolandi. 2018 yilning oktyabrida esa Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan yurtimizga keldi.
Ta'kidlash joizki, joriy yilning mart oyida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyevning Rossiya Federatsiyasiga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida sog‘liqni saqlashning qator yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Transplantatsiya sohasida sezilarli yutuqlarga erishildi.
Imzolangan hamkorlik shartnomalari doirasida hozirda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tibbiyot xodimlari Rossiyaning akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun'iy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazida malaka oshirishni boshlashdi.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining tashrifi tibbiyotning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarni samarali bajarishni davom ettirish maqsadida amalga oshirilmoqda», deyiladi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.
Cog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev Murashko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

«A.Hojiboyev delegatsiya a'zolarini yurtimizga tashrif buyurgani bilan qutlar ekan, COVID-19 pandemiyasi paytida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini ta'kidladi. Ushbu davr mobaynida ikki davlatning tibbiyot sohasidagi mutaxassislari ishtirokida jami 200dan ortiq videokonferensiyalar, onlayn konsultatsiyalar, masofaviy seminarlar, veb-seminarlar va treninglar o‘tkazildi.




















