Samarqandda oʻsmirlar mashinani YPX xodimi ustiga haydadi
Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida YPX xodimining qonuniy talabiga boʻysunmay, uni haqorat qilgan va buni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan texnikum oʻquvchilari aniqlandi.
Videoda oʻsmirlar Ishtixon tumani koʻchalarida avtomobilda harakatlanib, YPX xodimining toʻxtash talabiga boʻysunmagani, mashinani uning ustiga haydagani, shuningdek, xodimni haqoratlagani va voqea joyidan qochib ketganini koʻrish mumkin.
Tekshiruv davomida qoidabuzarliklarni sodir etgan oʻsmirlar Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 2-son texnikum oʻquvchilari ekani aniqlangan. Ular mashinani 1,2 mln soʻmga ijaraga olgan va haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan holda rulga oʻtirgan. Holat yuzasidan Ishtixon tumani ichki ishlar boʻlimi tomonidan toʻplangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Havo shari Toshkentning ayrim hududlarini elektrsiz qoldirdi
19-oktabr kuni Toshkentning Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulugʻbek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr taʼminotida vaqtinchalik uzilish kuzatildi. Bunga «Aksa Toshkent» issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushishi sabab boʻlgan.
Energetika vazirligi xabariga koʻra, hodisa soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan «Aksa Toshkent» IESda sodir boʻlgan. Oqibatda transformatorning himoya tizimi ishga tushib, stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan.
Koʻrilgan tezkor choralar natijasida soat 19:38 ga kelib barcha isteʼmolchilar elektr energiyasi bilan qayta taʼminlangan.
Navoiy va Chirchiq shaharlari aholisidan yillik deklaratsiya soʻraladi
Navoiy va Chirchiq shaharlari aholisi tajriba-sinov tariqasida jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etishining tartibi belgilandi.
Qarorga koʻra, deklaratsiya 2026 va 2027-yilda olingan daromadlar boʻyicha Soliq qoʻmitasining Elektron soliq xizmatlari portali (my3.soliq.uz) va “Soliq” mobil ilovasi orqali taqdim etiladi.
2026-yil uchun deklaratsiya 2027-yilning 1-aprelidan kechiktirmay, 2027-yil uchun deklaratsiya esa 2028-yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etilishi kerak. Soliq organi muddatidan kamida bir oy oldin xabarnoma yuboradi.
Taʼkidlanishicha, aniqlashtirilgan soliq bazasiga (daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi farq) huquqiy taʼsir choralari qoʻllanmaydi.
Oʻzbekistonda qizamiq kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqarorligi aytildi
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Toshkent shahrida qizamiq kasalligiga gumon qilingan 290 ta holat qayd etilgani, shuningdek, bemorlar bilan muloqotda boʻlgan 10 ming nafardan ziyod shaxs roʻyxatga olingani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
«Ayni paytda Toshkent shahrida va butun mamlakat boʻylab qizamiq kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqaror. Xavotirlanishga hech qanday asos yoʻq», deyiladi munosabatda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan raqamlar esa 2026-yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida qayd etilgan jamlanma koʻrsatkichdir. Shu bois mazkur raqamlarni qisqa vaqt ichida aniqlangan yoki ayni kundagi holat sifatida talqin qilish toʻgʻri emas», – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, qizamiq bilan kasallanish koʻrsatkichi 2025-yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.















