O‘zbekiston | 12:04 / 02.06.2021
13775
2 daqiqa o‘qiladi

«Deputatlar, ajratilgan mablag‘ni hisoblab boringlar, nazoratni sizlardan so‘rayman» – prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qildi.

“Men Surxondaryoga qarsak uchun kelmadim, aniq natijalar uchun keldim. Xalq deputatlari, qog‘oz-qalam olib ajratilgan pullarni hisoblab, yozib olinglar. Buning nazoratini ertaga sizlardan so‘rayman.

Oilaviy tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish dasturlari doirasida 727 milliard so‘m kredit ajratish ta'minlansin. 

Joriy yilda yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun tadbirkorlarga 1 ming 300 ta yer maydoni auksionda sotilishi ta'minlansin.

Joriy yilda 50 ming nafar ishsizning jamoat ishlari, kooperativ va tomorqa xo‘jaligida bandligi ta'minlansin. Bunga Bandlikka ko‘maklashish va Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 32 milliard so‘m ajratilsin.

2021-2022 yillarda umumiy qiymati 16 trillion 800 milliard so‘m (yoki 1,6 milliard dollar) bo‘lgan,  1 ming 177 ta hududiy investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 25 mingta muqim yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

Jumladan, viloyat sanoatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ko‘mir ishlab chiqarish bo‘yicha “Sharg‘unko‘mir” jamiyatida qiymati 95 million dollar bo‘lgan yiliga 900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib chiqarish quvvatiga ega loyiha 1 oktyabrga qadar ishga tushiriladi. 

Qurilish materiallari sanoatida yaqin 2 yilda jami qiymati 337 million dollar bo‘lgan 170 ta loyiha amalga oshiriladi.

To‘qimachilikda 2021-2022 yillarda 149 million dollarlik 42 ta loyiha amalga oshiriladi.

Termiz tumanida joriy yilda “Indenim tekstil” korxonasida, yiliga 10 million dona tayyor mahsulot, Qiziriq tumanida “Qiziriq tekstil” korxonasida 4 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Natijada, viloyatda ip-kalavani qayta ishlash darajasi 14 foizdan 30 foizga yetkaziladi. Andijonda bu ko‘rsatkich 130 foiz. Ular sizlar yetishtirgan paxtani ham qayta ishlayapti”, – dedi davlat rahbari yig‘ilganlarga qarata.

Mavzuga oid