Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga rasmiy tashrifi doirasida Dushanbedan Xo‘jandga keldi. Oliy martabali mehmonni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon kutib oldi. Ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan aeroport va ko‘chalarda jamoatchilik vakillari prezidentimizni katta xursandchilik bilan kutib oldi.

Ikki mamlakat yetakchilari qisqa uchrashuv o‘tkazib, birgalikda Xo‘jand yaqinidagi «Arbob» madaniyat saroyiga yo‘l oldilar.


«Arbob» madaniyat saroyida So‘g‘d viloyati jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, nuroniylar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston peshvosi Imomali Rahmon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan ikki mamlakat o‘rtasida ishonch va do‘stlik muhiti yaratilganini ta'kidladi.

«Ilgari to‘planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo‘larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida hal bo‘lmagan masala qolmadi, o‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va arxitektori hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev», - dedi Imomali Rahmon.
Keyingi yillarda davlat chegaralarida 17ta o‘tkazish punkti ochilgani, Tojikiston xalqi bundan minnatdor ekani qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari yig‘ilganlarga chuqur hurmatini bildirib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni qadrlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish haqida nutq so‘zladi.

«So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qaror topgan yaxshi qo‘shnichilik va abadiy do‘stlik tufayli biz ulkan natijalarga erishmoqdamiz. Albatta, bunday yutuqlarga erishishda Siz, azizlarning, ikki mamlakat jamoatchiligi va ziyolilarining beqiyos hissasi borligini biz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
















