DW xabariga koʻra, Tramp 22-oktabr kuni jurnalistlar bilan muloqotda Starlink faoliyati tiklanganini bildirgan. Ammo u bu masalani SpaceX rahbari Ilon Mask bilan shaxsan muhokama qilgan-qilmaganini ochiqlamagan.

Jurnalistlar The Washington Post xabariga tayanib, Trampdan Mask bilan suhbati haqida soʻragan.

«Bunga izoh bermoqchi emasman. Men qoʻngʻiroq qildimmi yoki boshqa birovmi - farqi yoʻq. Menimcha, muhimi, u yana hammasini tikladi», - degan AQSH prezidenti.

Zelenskiy esa shu kuni, Trampning bayonotidan bir necha soat oldin, oktabr oʻrtalarida joriy etilgan cheklovlardan keyin Starlink ishi hali toʻliq tiklanmaganini bildirgan.

Ukraina Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, muammolar 14-oktabrga oʻtar kechasi kuzatila boshlagan. Gap internetda maʼlumot uzatish tezligidan koʻra, yuqori tezlikda harakatlanayotgan qurilmalarda sunʼiy yoʻldosh aloqasi ishlamay qolishi haqida bormoqda.

Bu Ukraina qurolli kuchlarining uchuvchisiz apparatlardan foydalanishiga qiyinchilik tugʻdirgan. Ukrainalik harbiylar Starlink va harbiy aloqa uchun moʻljallangan Starshield imkoniyatlaridan kommunikatsiya hamda dronlarni boshqarishda foydalanadi.

The Telegraph va The Wall Street Journal nashrlari cheklovlarni joriy etish tashabbusi Ilon Maskdan chiqqanini xabar qilgan edi. Ularning manbalariga koʻra, tadbirkor bu masalani Pentagon bilan muhokama qilib, uning qoʻllab-quvvatlashiga erishgan. Oq uy esa Ukrainada sunʼiy yoʻldosh tarmogʻi ishini cheklash boʻyicha koʻrsatma bermaganini bildirgan.

Oktabr oʻrtalarida Kiev AQSH bilan razvedka maʼlumotlarini almashishda ham muammolarga duch kelganini aytgan. Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, Ukraina bir necha kecha davomida Rossiya ballistik raketalarni uchirgani haqida hamkorlaridan ogohlantirish olmagan.

Tramp maʼmuriyati vakillari bu holatni ob-havo sharoiti va dasturiy taʼminotdagi muammolar bilan izohlagan.

Zelenskiy 18-oktabrda Bloomberg’da eʼlon qilingan intervyusida AQSH maʼmuriyatining soʻnggi qadamlari Ukrainani taslim boʻlishga undashga oʻxshayotganini aytgan. Shu bilan birga, u buni amerikalik hamkorlarning aniq maqsadi deb tasdiqlamagan.