DW xabariga koʻra, kompaniya bu haqda LinkedIn sahifasida maʼlum qilgan. 22-oktabr kuni bir qator OAV ushbu natijaga eʼtibor qaratgan.

Quantum Systems’ning taʼkidlashicha, sinovni mustaqil ekspertlar kuzatgan. Qayd etilgan tezlik GPS maʼlumotlari va dronning bort qaydlagichi yozuvlari bilan tasdiqlangan.

Shunga qaramay, natija hozircha rasmiy rekord hisoblanmaydi. Buning uchun Apex Recordhunter qarama-qarshi yoʻnalishda ham parvoz qilishi lozim. Ikkinchi sinov shamolning tezlikka ehtimoliy taʼsirini hisobdan chiqarishga xizmat qiladi. Kompaniya bunday parvozni yaqin vaqtda oʻtkazishini bildirgan.

Quantum Systems iyun oyida ham shu dron soatiga 699 kilometr tezlikka erishganini eʼlon qilgan edi. Yangi natija avvalgisidan 78 km/soat yuqori.

Iyun oyidagi xabarda tajriba apparatiga Porsche avtokonsernining shuʼba tuzilmasi - V4Smart kompaniyasi akkumulyatori oʻrnatilgani aytilgan. Biroq rekordchi dron bir marta quvvatlanish bilan qancha masofa ucha olishi hozircha ochiqlanmagan.

Quantum Systems 2015-yilda tashkil etilgan boʻlib, bosh qarorgohi Bavariyadagi Gilxingda joylashgan. Uning asoschilaridan biri - Germaniya qurolli kuchlarining sobiq ofitseri va harbiy uchuvchi Florian Zaybel.

Kompaniya dastlab qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun uchuvchisiz apparatlar yaratishga ixtisoslashgan. DW maʼlumotiga koʻra, Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli hujumidan keyin u harbiy yoʻnalishga eʼtiborini kuchaytirib, Kievga Rossiyaning Shahed dronlarini tutib qolishga moʻljallangan apparatlarni yetkazib bera boshlagan. Kompaniya Ukrainada ham dron ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.

Yuqori tezlik tutuvchi dronlar uchun muhim xususiyat hisoblanadi: ular havodagi nishonga yetib olishi kerak. Biroq Apex Recordhunter tajriba apparati boʻlib, xabarda uning oʻzi Ukrainaga yetkazilayotgani yoki jangovar vazifalarda qoʻllanayotgani aytilmagan.