Migratsiya agentligi maʼlumotiga koʻra, toʻqqiz oy davomida xorijdagi oʻzbekistonliklarning maosh, hujjatlar va ish bilan bogʻliq muammolarini hal etish boʻyicha choralar koʻrilgan.

Ish haqi va kompensatsiyalarni undirishga oid holatlarning eng koʻpi Rossiyada qayd etilgan. Davlatlar kesimida koʻrsatkichlar quyidagicha:

  • Rossiya - 533 ta holat;

  • Turkiya - 155 ta holat;

  • Janubiy Koreya - 92 ta holat;

  • boshqa davlatlar - 37 ta holat.

Ushbu murojaatlar boʻyicha xorijiy ish beruvchilardan fuqarolar foydasiga jami 850 ming dollar undirib berilgan.

Bundan tashqari, vositachilar va xorijiy ish beruvchilarda qolgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni qaytarish boʻyicha ham yordam koʻrsatilgan. Natijada 532 nafar hamyurtning hujjatlari qaytarib olingan:

  • Rossiyada - 331 ta holat;

  • Turkiyada - 185 ta holat;

  • Qozogʻistonda - 11 ta holat;

  • Janubiy Koreyada - 5 ta holat.

Migratsiya agentligi xorijda ishlash davrida qiyin vaziyatga tushgan fuqarolar 1282 qisqa raqami yoki @huquqiy_yordam_uzbot orqali murojaat qilishi mumkinligini eslatgan. Bot orqali murojaatlar kecha-kunduz qabul qilinadi.