Kunning tig‘ida do‘konga kirganimda esa peshtaxtani to‘ldirib turgan shunday ichimliklarga ko‘zim tushdi. Energetik ichimliklarning narxlari ham boshqa salqin ichimliklarga nisbatan qimmatroqligi sabab kam sotilsa kerak degan taxminim o‘zini oqlamadi. Sotuvchi yigit bunaqa ichimlikdan bir kunda kamida 50ta sotishini aytdi. Men kirgan kichkina do‘konchada shuncha sotilsa, yirik supermarketlarda qancha sotiladi-yu, bir poytaxtda bunday do‘konlardan nechtasi bor ekan, degan o‘y kechdi xayolimdan.

Darvoqe, o‘z farzandim ham tez-tez shu ichimlik qutisini ko‘tarib kelishi yodimga tushdi.

Qiziq, energetik ichimliklar haqiqatdan ham insonning jismoniy va aqliy faolligini oshiradimi?

Energetik ichimliklar – tarkibida 150 mg/l.dan ortiq miqdorda kofein va (yoki) inson organizmiga tonusni o‘zgartiruvchi ta'sir ko‘rsatish uchun yetarli miqdordagi boshqa komponentlar mavjud bo‘lgan ichimliklardir.

 “Energetik ichimlikni ko‘p iste'mol qilish unga tobelikni kuchaytiradi”

Toshkent tibbiyot akademiyasi Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi professori Guli Shayxovaning ta'kidlashicha, bunday ichimliklarni me'yordan ortiq ichish o‘smirlarda tobelik holatini keltirib chiqaradi.

Guli Shayxova

“Yuqori konsentratsiyalangan energetik (quvvat) ichimliklarda ko‘p miqdorda kofein, taurin moddalari bor. Taurin – energetik jarayonni jadallashtiruvchi va nerv sistemasini rivojlantiruvchi modda. Taurinning inson organizmi uchun sutkalik me'yori – 400 mg. Ayrim energetiklar tarkibida esa bu modda 2 barobargacha oshiq bo‘ladi va bu albatta o‘smirlar sog‘ligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Diyetolog-olimlar energetik ichimliklarning organizmga ta'siri borasida katta tadqiqotlar olib bormoqdalar. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, energetik ichimliklar me'yordan ortiq va surunkali iste'mol qilinsa, inson organizmidagi ba'zi organ va tizimlarga (bosh miya, markaziy nerv tizimi, bo‘g‘imlar) salbiy ta'sir ko‘rsatadi va tez-tez iste'mol qilgan insonlarda unga tobelik holati kuzatiladi.

Ichimlik tarkibidagi kofein – psixostimulyator modda. U vaqtinchalik tetiklik hissini berib, charchash holatini yengillashtirishi, aqliy faoliyatni kuchaytirishi mumkin, ammo ma'lum bir vaqtdan so‘ng (1 – 1,5 soat) inson organizmida charchoq battar kuchayadi, bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi va nafaqat aqliy faoliyat, balki jismoniy faoliyatni ham susaytiradi.