«12 iyuldan keyin koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichida yana ko‘tarilishni kuzatyapmiz. Har kuni bir necha yuzlab, minglab odamlar shifoxonalarga tushyapti. Afsuski, shifoxonada davolanayotganlar orasida hayotdan ko‘z yumayotganlar ham bo‘lyapti. Shu soha vakili bo‘lganimiz uchun, qolaversa, odamlarning bizga bo‘layotgan murojaatlari ko‘lamidan kelib chiqib, epidemiologik vaziyat qanchalik chigallashib borayotganini ko‘rib turibmiz.
Pandemiyaga qarshi kurashishning dunyo hamjamiyati hozir e'tirof etayotgan yagona usuli – bu emlash. Qachonki, aholining 60-70 foizida jamoaviy immunitet shakllanmas ekan, epidemiologik vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartira olmaymiz. Yagona imkoniyatimiz – vaksinatsiyalash. Ming afsuski, O‘zbekiston Respublikasida koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan boshlab amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham, hanuzgacha imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmayapmiz. Emlanishi lozim bo‘lgan aksariyat aholi vakillarida ikkilanish, vaksina qabul qilishdan qandaydir cho‘chish, imkon qadar vaksina olishni cho‘zish yoki nimanidir kutishlar kuzatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida koronavirusga qarshi emlanadigan aholi vakillari kimlar edi? Biz dastlab 65 yoshdan yuqori bo‘lganlarni, u yoki bu surunkali kasalligi mavjud bo‘lgan aholi qatlamini, tibbiyot xodimlarini, o‘qituvchilarni, maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlarini, undan keyin oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimi xodimlarini, keyin esa 18 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi qatlamini emlanishi kerak bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritdik.
Endilikda 1 sentyabrdan boshlab aholining 18 yoshdan yuqori bo‘lgan qismini uch bosqichda yoppasiga ommaviy emlash tadbirlarini amalga oshirmoqchimiz. Birinchi bosqich sentabr oyida, ikkinchi bosqich oktabr oyida va uchinchisi bosqich noyabr oyiga to‘g‘ri keladi»
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar soni 1 mln kishidan oshdi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mulozimining ta'kidlashicha, 18 yoshdan katta bo‘lgan aholi qatlamini uch bosqichda ommaviy emlanish uchun barcha imkoniyatlar yetarli.








