26 iyul kuni Yozgi Olimpiadaning uchinchi kungi bahslari o‘tkazildi. Bugungi bahslarda yana 7 nafar o‘zbekistonlik sportchi o‘z omadini sinab ko‘rdi, ammo kun O‘zbekiston delegatsiyasi uchun medalsiz yakunlandi. Taekvondochi Nikita Rafalovich bronza uchun jangda mag‘lub bo‘ldi, og‘ir atletikachi Muattar Nabiyeva dast ko‘tarishda olimpiya rekordini o‘rnatgan bo‘lsa-da, siltab ko‘tarishdagi past natija tufayli to‘rtinchi o‘rinda qolib ketdi.

O‘z navbatida, bokschilar jamoasi kunni muvaffaqiyatli o‘tkazdi, ikki bokschi birinchi janglarda g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Qilichbozlik
Qilichbozlikning sablya yo‘nalishida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Zaynab Dayibekova dastlabki bosqichda yaponiyalik Aoki Chikani 15:9 hisobida mag‘lub etdi. 1/16 finalda Osiyo o‘yinlari finalchisi xitoylik Yatsi Shaoga qarshi jangda 15:10 hisobida ustun keldi. Chorak final uchun bahsda esa Janubiy Koreya vakili Ji Su Yon 15:12 hisobida taslim etildi.

Ammo 18 yoshli Zaynab Dayibekova yarimfinalga chiqa olmadi - musobaqaga 6-raqamda saralangan vengriyalik Anna Martonga qarshi bellashuvda 11:15 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va medal uchun kurasha olmaydigan bo‘ldi.

Dzyudo
Dzyudo bo‘yicha -73 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Hikmatulloh To‘rayev dzyudochilar jamoasining Tokio Olimpiadasidagi ilk g‘alabasiga muallif bo‘ldi. 

1/16 finalda u germaniyalik Igor Vandtkega qarshi bahsda g‘alaba qozondi. Bungacha dzyudochilardan Sharofiddin Lutfullayev (-60 kg), Sardor Nurillayev (-66 kg) va Diyora Keldiyorova (-52 kg) 1-bosqichdayoq turnirni tark etishgandi.

Ammo To‘rayev ham keyingi bosqichda janubiy koreyalik jahon chempioni Chan Rim Anga yutqazib qo‘ydi. Bahsning asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmadi, oltin ochko o‘ynalgan qo‘shimcha vaqtda esa janubiy koreyalik sportchi ildamroq harakat qildi va To‘rayev turnirdagi ishtirokini yakunladi.

Boks
Boks bo‘yicha -52 kg vazn toifasida Rio Olimpiadasi chempioni Shahobiddin Zoirov Tokio Olimpiadasidagi ishtirokini boshladi.