16:52 / 14.08.2021
16107

Toshkentda Vishvanatan Anand ishtirok etayotgan xalqaro shaxmat turniri boshlandi

Bugun, 14 avgust Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha «Zakovat-Gambit» turnirining final bahslariga start berildi. Ushbu kun dasturida final bosqichi ishtirokchilari 6 turdan iborat saralash o‘yinlarida ishtirok etishdi. 

Respublika bo‘yicha 3760 nafardan ziyod shaxmatchilar ishtirok etgan turnirning final bosqichida dunyo miqyosida yuqori reytingga ega grossmeysterlar hindistonlik 5 karra jahon chempioni Vishvanatan Anand, ayollar shaxmati afsonasi Yudit Polgar, 2004 yilda Tripolida o‘tgan jahon chempionati g‘olibi Rustam Qosimjonov, Timur Gareyev va Gulruxbegim Tohirjonova ishtirok etishdi. 

«Bizga bunaqa musobaqa juda kerak edi. O‘zbekistonda shaxmatni sevishadi, o‘ynovchilar va musobaqalar ko‘p. Lekin bu darajadagi musobaqa bo‘lmagandi. Saralashda minglab ishtirokchilar qatnashdi. Kvalifikatsiyadan o‘tgan shaxmat ustalari bir nechta guruhlarda final turnirida ishtirok etishmoqda. Menimcha, birinchi marta O‘zbekistonning eng kuchli shaxmatchilari bitta musobaqada ishtirok etmoqda. Milliy jamoamiz ham shu yerda. Mana shu kabi musobaqalar ko‘proq bo‘lishini xohlardik», - dedi Rustam Qosimjonov. 

Vishvanatan Anand va Rustam Qosimjonov

«Bu musobaqa oldindagi katta musobaqalarimizning boshlanishi. Tez orada Agzamov xotira turniri, «Tashkent Open» musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Turnirlarning tashkil etilish saviyasi ham oldingilaridan ancha yaxshilangan. Oldimizdagi musobaqalarda ko‘proq grossmeysterlar va turli davlatlardan ishtirokchilar qatnashishi ko‘zda tutilgan. 

Hozirgi turnirning saviyasi unda ishtirok etayotgan kuchli shaxmatchilardan ham ma'lum. Bu kabi musobaqalar ko‘proq tashkil etilib, bizdan ham ko‘proq chempionlar chiqishiga umid qilib qolamiz», - deydi final bosqichi qatnashchilaridan biri Abdumalik Abdusalimov. 

«Shaxmatdagi uzoq yillik tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, jahon miqyosida ham bu kabi turnirlarni topish qiyin. Birinchi bosqichni qatnashish istagidagilar ko‘pligi uchun onlayn formatda «Chess.com» sayti bilan hamkorlikda o‘tkazdik. Ushbu sayt hozirda Jahon shaxmat federatsiyasining hamkori hisoblanadi. 

Internetdagi saralash bosqichlaridan o‘tgan shaxmatchilar o‘rtasida kecha yakuniy saralash bahslari bo‘lib o‘tdi. Bugungi uchrashuvlardan so‘ng, ertaga ishtirokchilar 5ta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib boradilar. Har bir guruhda 1-o‘ringa 50 mln so‘m, 2-o‘ringa 30 mln so‘m va 3-pog‘onani egallagan ishtirokchiga 20 mln so‘m sovrin taqdim etiladi. Ayollar o‘rtasidagi musobaqa g‘olibiga 20 mln so‘m pul mukofoti beriladi. 

Bu turnir O‘zbekistonda shaxmat rivoji uchun katta turtki bo‘ladi, deb o‘ylayman. O‘zbekistonning barcha hududlarida minglab shaxmat ixlosmandlari musobaqada ishtirok etishdi», - deb aytdi turnir tashkilotchisi, «Sky Chess» shaxmat maktabi asoschisi Alisher Mo‘'minov. 

Ertaga, rasmiy o‘yinlar yakunlanganidan so‘ng, turnirga tashrif buyurgan mashhur grossmeysterlar yosh shaxmatchilar uchun master-klass o‘tib berishi rejalashtirilgan. Ushbu musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 610 mln so‘mni tashkil etadi.

Top