Serbiya Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vaziri Militsa Jurjevich Stamenkovski Oʻzbekiston bilan mehnat mobilligi va mehnat migratsiyasi sohasida imzolangan kelishuvni «tarixiy bitim» deb atadi.
Vazirning taʼkidlashicha, Serbiya shu paytga qadar boshqa biror davlat bilan bunday kelishuv imzolamagan. Uning fikricha, Oʻzbekistonning bu yoʻnalishda birinchi hamkorga aylangani ikki mamlakat oʻrtasida strategik hamkorlikni rivojlantirish niyatidan dalolat beradi.
Kelishuv Serbiyaga ishlash uchun boradigan Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat huquqlarini tizimli ravishda kafolatlashni nazarda tutadi.
Militsa Jurjevich Stamenkovskining bildirishicha, kelishuv doirasida Serbiyada mehnat qiladigan Oʻzbekiston fuqarolari mahalliy ishchilar bilan teng huquqlarga ega boʻladi.
Bu mehnat migratsiyasini tartibli va huquqiy mexanizmlar asosida tashkil etish, ishchilarning huquqlarini himoya qilish hamda Serbiya ish beruvchilarining kadrlarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Serbiyada eng kam ish haqi 600 yevroga yetadi
Vazir Serbiya mehnat bozoridagi ish haqi miqdori haqida ham maʼlumot bergan. Uning soʻzlariga koʻra, 2027-yil boshidan mamlakatda eng kam oylik ish haqi 600 yevroni tashkil etishi, yil yakuniga qadar esa 650 yevroga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, yaqin yillarda Serbiyada ishchi kuchiga boʻlgan talab yanada oshishi prognoz qilinmoqda.
Bunga mamlakatning Expo koʻrgazmasiga mezbonlik qilishi ham sabablardan biri sifatida koʻrsatilgan. Yirik xalqaro tadbirga tayyorgarlik va uni oʻtkazish bilan bogʻliq loyihalar doirasida Serbiyada malakali va mehnatkash kadrlarga ehtiyoj ortishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Migratsiya agentligi serbiyalik ish beruvchilar bilan muzokara olib bormoqda
Kelishuvni amaliy bosqichga oʻtkazish boʻyicha ham ishlar boshlangan.
Xususan, Oʻzbekiston Migratsiya agentligi Serbiyada ishchi kuchiga ehtiyoji mavjud korxonalar bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar olib bormoqda.
Bu orqali oʻzbekistonliklarni Serbiyadagi boʻsh ish oʻrinlariga uyushgan va qonuniy tartibda jalb qilish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda.
Serbiya mehnat vazirining taʼkidlashicha, hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Serbiya bilan mehnat mobilligi va mehnat migratsiyasi boʻyicha bunday kelishuv imzolagan birinchi va yagona davlat hisoblanadi.
















