Buyuk Britaniya ortidan Fransiya ham AQShdan amerikalik harbiylarni olib chiqishni oldindan belgilangan muddat - 31 avgustgacha emas, undan keyin yakunlashni so‘ramoqda.

«Biz Qo‘shma Shtatlar tomonidan belgilangan muddat - 31 avgust kelishiga oz vaqt qolayotganidan juda qattiq tashvishdamiz. Hozirgi operatsiyani [evakuatsiya jarayoni] yakunlash uchun qo‘shimcha vaqt kerak bo‘ladi», degan Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian.

24 avgust kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson G7 davlatlarining shoshilinch yig‘ilishida AQShdan bu muddatni uzaytirishni so‘ramoqchi. Fransiyadan tashqari Germaniya ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

Ittifoq kuchlari Kobul aeroportida amerikalik harbiylar bo‘lmasa, u yerda tartib ta'minlanishi va evakuatsiyani yakunlash imkonsiz bo‘lib qolishidan xavotirda.

Shanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Jozep Borrel evakuatsiya jarayonini 31 avgustgacha yakunlash «matematik jihatdan imkonsizligi»ni ma'lum qilgandi.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden agar 31 avgustdan keyin ham Afg‘onistonda evakuatsiya qilinmagan AQSh fuqarolari qoladigan bo‘lsa, amerikalik harbiylarning mamlakatni tark etishi 31 avgustdan keyinroqqa qoldirilishi ham mumkinligini aytgandi.

Amerikaliklarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 14 avgustdan hozirgacha Kobul aeroportidan 37 mingdan ortiq kishi olib ketilgan (Shundan 16 ming kishi so‘nggi 24 soat ichida). Ularning katta qismi - afg‘onlar, lekin aniq raqamlar ma'lum emas. 11 ming kishi amerikaliklarning harbiy-transport samolyotlari orqali tashilgan, qolgani charter va tijoriy reyslar orqali.

Ayni vaqtda Hamid Karzay nomidagi aeroportda 5800 nafar harbiy xizmatchi xavfsizlikni ta'minlash uchun jalb etilgan. Aeroport hududiga toliblardan qochgan minglab kishilar kelishi davom etmoqda.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi amaldori Jyeyms Hippining so‘zlariga ko‘ra, hukumat AQShning qaroridan qat'i nazar bu masalada toliblar bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

«Tolibon»da tanlov bor: ular yoki xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikka intilishadi… yoki ters o‘girilib aytishadi: «Yo‘q, muddat uzaytirilmaydi». Bu «yettilik» sammitida hal bo‘ladigan masala emas. Sammitdan keyin toliblar bilan muzokara o‘tkaziladi», degan u.

Pentagon hozircha so‘nggi muddatni o‘zgartirish bo‘yicha hech qanday gap yo‘qligini bildirdi. Pentagon rasmiysi Jon Kirbi AQSh «Tolibon» bilan doimiy ravishda amerikalik harbiylarning aeroportdagi faoliyati bo‘yicha muloqot qilib turgani»ni ma'lum qildi.