Tik qoyali tog‘lar orasida joylashgan bu vodiyda 1979-89-yillarda sovetlar bosqiniga qarshi, 1996-2001 yillarda esa toliblarga qarshi kurash olib borilgan.

«So‘nggi 20 yil ichida bu yer Afg‘onistondagi eng xavfsiz hudud sifatida ko‘rilgan», deydi BBC afg‘on xizmati xodimi Maryam Omon.

Panjsher bugun ham mamlakatning 34 viloyati orasida «Tolibon» qo‘lga kirita olmagan yagona hududdir.

Ammo toliblar bu yerni olish uchun o‘z kuchini safarbar qilmoqda.

«Biz ikkinchi marta «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatishga tayyormiz», deydi Panjsher iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Abdul Rahmon.

«Tolibon» Kobulga kirmasdan oldin Afg‘onistonni tark etgan sobiq prezident Ashraf G‘ani hukumatining vitse-prezidenti bo‘lgan Amrulla Solih ham shunday xabarni bermoqda.

Muqaddam razvedka xizmati boshlig‘i vazifasida ham ishlagan Amrulla Solih Ashraf G‘ani mamlakatni tark etgach, o‘zini «Afg‘onistonning vaqtinchalik qonuniy prezidenti» sifatida e'lon qildi.

Solih Panjsher boshqa mintaqalarga namuna ekanini aytib, xalqni qarshilik harakatiga qo‘shilishga chorlamoqda.

«Men hech qachon «Tolibon» bilan bir tom ostida bo‘lmayman. ASLO», deb yozdi u tvitterida.

BBC muxbiri Maryam Omonga ko‘ra, «Tolibon»ga qarshi qarata aytilgan bu xabar ko‘plab afg‘onlarga yoqishi mumkin.

Taxminlarga ko‘ra, Solih Panjsherda Ahmad Mas'ud bilan birga. Mas'ud vodiyda Afg‘oniston milliy qarshilik fronti (NRF) nomi bilan «Tolibon»ga qarshi front tuzgan. Mas'ud – «Panjsher arsloni» laqabi bilan esga olinadigan, 1990-yillarda «Shimoliy alyans» rahbari sifatida «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatgan Ahmad Shoh Mas'udning o‘g‘li.

Mas'ud o‘tgan hafta Washington Post gazetasi uchun maqolasida «Panjsherni Afg‘oniston ozodligining so‘nggi tayanchi sifatida himoya qilishga ont ichgani»ni ma'lum qildi va G‘arb davlatlarini «ozodlik yo‘lida yordam berish»ga chaqirdi.

Panjsher va uni himoya qiluvchi kuchlar haqida nimalar ma'lum?

1980-yillarda Panjsherda vayron qilingan sovet tankining qoldiqlarini hali ham shu joyda ko‘rish mumkin.