Yaponiya raqamli universitetida tahsil oluvchi yoshlar kelajak uchun zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda o‘z bilimlarini mustahkamlab, IT-muhandislik sohasida jahon miqyosida ishlovchi raqobatbardosh kadrlarga aylanishi mumkin. Universitet imkoniyatlari, ta’lim tizimi va kontrakt miqdorlari haqida bilish uchun ta’lim muassasasi rektori Ravshanbek Mamajonov​​​​​​ bilan suhbat tashkil qildik.

Bugungi kunda raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalari taraqqiyotga erishishning muhim shartlaridan biridir. Shu sabab ushbu sohada ishlaydigan mutaxassislarga kun sayin talab kuchaymoqda. Toshkentdagi Yaponiya raqamli universiteti (Japan Digital University) yapon tili va IT muhandislik mahoratini mukammal o‘rganib, Yaponiya universiteti va O‘zbekistonning davlat universiteti ilmiy darajasini qo‘lga kiritish imkoniyatini beradi. Mazkur oliygohda tahsil oluvchi yoshlar kelajak uchun zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda o‘z bilimlarini mustahkamlab, IT-muhandislik sohasida jahon miqyosida ishlovchi raqobatbardosh kadrlarga aylanishi mumkin.

Talabalar universitetni tamomlagach, quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha diplomni qo‘lga kiritishadi:

• dasturchi;

• QA-sinovchi;

• PHP-dasturchi.

Mazkur universitet, shuningdek, uning imkoniyatlari, ta’lim tizimi va kontrakt miqdorlari haqida bilish uchun universitet rektori Ravshanbek Mamajonov​​​​​​ bilan suhbat tashkil qildik.

—  Ravshanbek aka, dastlab universitet haqida ma’lumot berib o‘tsangiz?

— Davlatimiz rahbarining 2019 yilda Yaponiyaga tashrifi davomida ushbu universitetni  tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi va 2020 yilning 2 dekabrida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida o‘quv jarayonlari boshlandi. Yaponiya raqamli universiteti asosan IT mutaxassislarini tayyorlashga mo‘ljallangan. Bizning universitet raqamli ta’lim muassacasi bo‘lgani sababli o‘qish jarayoni ham onlayn, ham oflayn shaklda gibrid tarzda olib boriladi. Dastlabki 6 oy davomida intensiv yapon kurslari o‘qitiladi. Keyin  mutaxassislik fanlari Yaponiyaning ta’lim dasturi orqali onlayn tarzda o‘qitila boshlanadi. Bu universitetni tashkil etishdagi asosiy maqsadlarimizdan biri O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikka o‘z hissamizni qo‘shish bo‘lgan.