Erkinjon Turdimov – taʼlim va ilm-fan vaziri

Strategik ahamiyati jihatidan taʼlimga teng keladigan sohalar sanoqli. Mamlakat taqdirini belgilovçi bu yönaliş endi barça bosqiçlarda yagona vertikalga birlaştirildi. Prezident farmoni bilan Maktabgaça va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi nezigida Taʼlim va ilm-fan vazirligi taşkil etildi.

Rasmiy izohga köra, bundan közlangan maqsad – taʼlim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida taşkil etiş, taʼlim sifati va inson kapitalini oşiriş böyiça işlarni yangi darajaga olib çiqişdan iborat. Xususan, boğçalarda tarbiyaçilar malakasini oşiriş, maktab taʼlimida darsliklarni yangilaş, oliy taʼlimda esa universitetlar mustaqilligini oşiriş va xususiy sektor uçun imkoniyatlarni kengaytiriş kabi masalalar ustuvorlik qilişi belgilandi.

Islohot ijrosi uçun asosiy masʼullar sifatida tört kişini ajratib körsatiş mumkin: Saida Mirziyoyeva, Obid Hakimov, Erkinjon Turdimov va Zafar Hoşimov.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va uning taʼlimni isloh qiliş böyiça yangi örinbosari Obid Hakimov belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qiladi. Bungaça törtta viloyatda hokim bölib işlagan Erkinjon Turdimov esa boş vazirning birinçi örinbosari – taʼlim va ilm-fan vaziri sifatida hukumatda alohida mavqega ega böladi; soğliqni saqlaş sohasi ham uning Vazirlar Mahkamasidagi kotibiyati tarkibida böladi. Eslatib ötamiz, boş vazirning birinçi örinbosari lavozimi 2022-yil oxirida tugatilgan edi.

Эркинжон Турдимов / Фото: Қонунчилик палатаси матбуот хизмати

Noyob siyosiy karyeraga ega 57 yoşli Erkinjon Turdimov sönggi vaqtlarda öz çiqişlarida taʼlim sohasiga tez-tez urğu berişi bilan ham boşqa hokimlardan ajralib turgandi. Masalan, u avgust oyida Ustozlar milliy forumidagi nutqida yangilikdan qörqmaslikka, bolalarga erkinlik berişga çaqirgan:

“[Maktabda] kompyuter turardi, lekin bolalar bitirib ketayotganida kompyuterni yoqişni ham bilmasdi. Hozir şu bitirib ketganlar köpi direktor bölsa ham kerak, şular kompyuterni yoqişni ham bilmaydi. Qiziqmaydigan odam, yangilikdan qörqadigan odam şunaqa böladi. Yangilikdan qörqmaydigan odam yangilik yaratadi. Umuman olganda, yangilik yaratişga intilgan odam kelajakni yaratadi.

[...] Bolalarga erkinlik berişimiz kerak. Kerak bölsa, bolalarning şöxligidan ham foydalanişimiz kerak, yönaliş berişimiz kerak. “Bunday yur, bunday tur, bunday qil” deb hammani ramkaning içiga solib qöyiş kerak emas. Keyin ramkadan çiqolmay qolamiz.

Ertaga 10 yildan keyin nima böladi? 20 yildan keyin nima böladi? Bola-çaqamiz nima qiladi? 10 yildan keyin, 15 yildan keyin nima bölişi – hammasi siz bilan bizning qölimizda, ayniqsa taʼlim fidoyilarining qölida. Agar biz “menga tegma, men senga tegmayman” deb yopişib olsak kreslomizga, u kresloga qança yopişsangiz, şunça tez ketasiz”.

Turdimov avgust oyida aholi bilan uçraşuvlaridan birida ham taʼlimning muhimligini urğulagan, ota-onalarni farzandlari bilan birga dars qilişga daʼvat etgan:

“Bizni faqat bilim qutqaradi. Maktabda yaxşi öqiş, ilğor texnologiyalarni özlaştiriş, şuning hisobiga bolalarimiz bizni olib çiqib ketadi. Kim bolalariga investitsiya qilsa, kim bolalarini öqitsa, öşa odam obröli böladi. Odamlar qölida kötarib yuradi, şuning otasi-da deb. Agar bolasiga investitsiya kiritmasa, uniyam kambağal qilib qöysa, taşviş olib keladi u bola.

Şuning uçun xohlaymizmi-yöqmi, farzandlarimizni öqitişimiz kerak. Birga dars qilişimiz kerak; kallamiz işlamasa ham, özimizni majburlaşimiz kerak. Oldimizda şu narsa turibdi, boşqa yölimiz yöq”.

Yuqorida tilga olganimiz taniqli tadbirkor, Korzinka supermarketlar tarmoği asosçisi Zafar Hoşimovga kelsak, u Prezident administratsiyasi huzurida tuzilayotgan maxsus işçi guruhga jamoatçilik asosida rahbar böldi. Işçi guruh inson kapitalini rivojlantiriş va uzluksiz taʼlim strategiyasi böyiça umummilliy konsepsiyani işlab çiqadi, buning uçun guruhga tajribali tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar va xalqaro ekspertlar jalb qilinişi közda tutilgan. Zafar Hoşimov bildirilgan işonç uçun minnatdorlik bildirib, faoliyati davomida Teach For Uzbekistan taşkiloti vasiylik kengaşi aʼzosi, TEAM University asosçilaridan biri, Toşkentdagi Vestminster xalqaro universiteti jamoasining faxriy aʼzosi sifatida taʼlim sohasidagi taşabbuslarda iştirok etib kelayotganini qayd etib ötdi.

Uzoq kutilgan çegirma

Бош вазир ўринбосари Жамшид Қўчқоров президентга коммунал тарифлар бўйича тақдимот қилмоқда. / Фото: Президент матбуот хизмати

Gazsiz hududlarda yaşovçilar uçun isitiş mavsumida elektr energiyasi tölovidan çegirma beriladigan böldi. Bu taklifni 6-oktabr kungi yiğilişda prezident Şavkat Mirziyoyev maʼqulladi. Endilikda isitiş mavsumida gazlaşmagan va gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi böyiça bazaviy meyor 200 kWh'dan 350 kWh'ga oşiriladi.

Xöş, bu amalda nimani anglatadi? Bazaviy tarif 650 söm, undan keyin 500 kWh'gacha 900 söm ekanidan kelib çiqsak, gazlaşmagan hududlarda yaşovçilarga berilayotgan çegirmaning puldagi qiymati oyiga 37 500 sömni taşkil etadi.

Modomiki bu özgariş hali rasmiy hujjat şaklini olib ulgurmagan ekan, kiçik bir raqamni qöşimça qilib ötsak böladi: agar gazsiz hududlar uçun isitiş mavsumidagi elektr tokining bazaviy meyori kutilayotganidek 350 emas, 400 kWh'gacha oşirilsa, hozirgi tariflarda çegirmaning qiymati roppa-rosa 50 ming sömga teng bölgan bölardi.

Seşanba kungi yiğilişda maʼlum qilinişiça, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning elektr energiyasi va gaz böyiça bazaviy meyordan ortiq isteʼmol xarajatlarining bir qismini qoplaş amaliyoti 2028-yil 1-aprelgaça davom ettirilişi reja qilingan. Bu kompensatsiya tölovlaridan yiliga 470 ming oila bahramand bölişi hisoblab çiqilgan.

Gaz qazişdagi pasayişni bu yil ham töxtatib bölmadi

Kuzning ilk salqin kunlari qiş yaqinligidan darak berayotgan kunlarda, maşinasi metanda yuradigan haydovçilar uçun yoqimsiz xabar paydo böldi: Özbekistonning eng asosiy gaz qazib oluvçi kompaniyasi öz oldiga qöygan rejasini bu yil ham bajara olmaydi.

Maʼlum bölişiça, “Özbekneftgaz” tizimida gaz qazib oliş yil yakuni böyiça salkam 10 foizga qulaşi kutilyapti. Kompaniya raisining birinçi örinbosari Suhrob Hamroyevning sözlariga köra, joriy yilda 22,8 mlrd kub metr gaz qazib çiqariladi. Bu – 2025-yilgi hajmdan 2,4 mlrd kubga, yaʼni 9,5 foizga kam.

6-oktabr kungi yiğilişda kompaniya raisi Abduğani Sanginov yil boşidan beri 5 ta yangi gaz koni oçilgani, 80 ta quduq burğilangani haqida hisobot berdi. Qayd etiş kerak, Sanginov yanvar oyidagi taqdimotida gaz sanoatidagi salbiy dinamikani töxtatib, joriy yilda 25,2 mlrd kub metr gaz qazib olişdek katta marrani öz zimmasiga olgandi. Amalda esa, oktabr oyiga kelib reja qayta körib çiqilgani va 10 foizga pasaytirilgani oydinlaşmoqda.

“Лукойл” асосчиси Вагит Алекперов президент Шавкат Мирзиёев қабулида / Фото: Президент матбуот хизмати

Özbekistonning ikkinçi eng yirik gaz qazib oluvçisi – Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasiga kelsak, uning işlab çiqariş körsatkiçlari maʼlum emas. Kompaniya asosçisi Vagit Alekperov duşanba kuni prezident Şavkat Mirziyoyev huzurida bölib, istiqbolli uglevodorod konlarini özlaştiriş va AYoQŞlar tarmoğini rivojlantiriş rejalarini muhokama qildi. Bu uçraşuvning eʼtiborli jihati şundaki, AQŞ Moliya vazirligi “Lukoyl” kompaniyasiga Rossiyadan taşqaridagi aktivlariga xaridor topiş uçun bergan muhlat 22-oktabrda yakuniga yetadi.

Gaz qazib çiqariş oxirgi ikki yilda 20 foizga qisqarişi fonida, hukumat gaz yetib borişi qiyin bölgan hududlarni elektrga ötkaziş niyatida. Ikki hafta avval imzolangan prezident farmoniga köra, kelasi yil bahorgaça xalqaro konsultantlar iştirokida “Tabiiy gaz yetib borişi qiyin bölgan hududlarni elektrlaştiriş konsepsiyasi” işlab çiqilişi kerak. Konsepsiya doirasida elektr energiyasi uçun imtiyozli tariflar bilan birga, energiya samarador maişiy texnikalarni sotib oluvçilarni qöllab-quvvatlaş çoralari ham közda tutiladi.

Şarm aş-Şayxga viza va Latviyadagi jinoyatlar

Özbekistonliklar orasida eng ommabop sayyohlik yönalişlaridan biri – Şarm aş-Şayxga borib keliş endi avvalgidek oson bölmaydi. Gap şundaki, hozirgaça özbekistonliklar Misrning Qohira va boşqa aksariyat şaharlariga viza bilan, Sinay yarimorolidagi Şarm aş-Şayx kurort-şahriga esa vizasiz borişi mumkin edi, 1-noyabrdan boşlab ana şu qisman vizasiz tartib bekor qilinyapti.

Özbekistonning Qohiradagi elçixonasi xabariga köra, 1-noyabrdan boşlab özbekistonliklar Misrning har qanday nuqtasiga boriş uçun oldindan viza olişi kerak. Bundan taşqari, sayyohlar mustaqil ravişda emas, faqat vakolatli turoperatorlar orqali Misrga borişi mumkin böladi.

Yangi talablar röyxati şu bilan tugamaydi: 40 yoşgaça bölganlar Misrga faqat ota-onasi, turmuş örtoği yoki farzandlari bilan borişi mumkin, bunda oilaning qölida kamida 5000 dollar naqd pul bölişi kerak. 40 yoşdan kattalar yolğiz özi borişi mumkin va ular kamida 3000 dollar naqd pulga ega bölişi lozim. Misrga kirişda viza va naqd puldan taşqari, mehmonxona band qilinganini tasdiqlovçi hujjat va mobil aloqa maʼlumotlari ham taqdim etilişi kerak. Bundan taşqari, Misrda böliş davomida turistik vizani boşqa turdagi vizaga almaştirib bölmaydi.

Bunaqa ulkan tösiqlardan keyin, Şarm aş-Şayx yönalişi çiqiş turizmidagi avvalgi jozibasini yöqotişi tayin. Şunga öxşaş holat yaqindagina Tailand bilan ham röy bergan edi. Tailand hukumati 15-sentabrdan boşlab köplab mamlakatlar, jumladan, Özbekiston uçun ham vizasiz rejimni bekor qilgaç, Aviasales maʼlumotiga köra, özbekistonliklarning Tailandga sayohat buyurtmalari 84 foizga kamayib ketgan.

Boz ustiga, joriy haftada Tailand vizasini beruvçi elektron tizimda nosozliklar kuzatilayotgani maʼlum böldi. Ijtimoiy tarmoqlarda viza kutilgan vaqtda çiqmagani, ayrim sayohatçilar viza çiqişini sönggi soatlargaça, hatto aeroportga borgan holda kutib, uyiga qaytgani haqida xabarlar tarqaldi. Özbekistonning Bangkokdagi Boş konsulxonasi Thai E-Visa saytida texnik nosozliklar bölayotganini tasdiqlab, garçi saytda 10 kunlik muddat körsatilgan bölsa-da, amalda 40 dollarlik tölov qilinganidan keyin örtaça 15 kunda viza çiqayotganini maʼlum qildi.

Ortda qolayotgan haftada Özbekiston vatandoşlariga viza berişni çeklaş masalasi Latviyada ham kötarilgani maʼlum böldi. Latviya Içki işlar vazirligi saytidagi xabarga köra, vazir Yanis Dombrava özbekistonliklarga viza berişni vaqtinça töxtatiş taklifi bilan çiqqan. Bunga sabab – Özbekistonning bir neça vatandoşi Latviyaga kelganidan köp ötmay jinoyatlarga, xususan voyaga yetmaganlarga qarşi jinoyatlarga qöl urgani aytilmoqda.

Özbekiston Taşqi işlar vazirligidan maʼlum qilişlariça, Rigada bu taklif kötarilganidan keyin özbek diplomatlari muzokaraga kirişgan va yakunda Latviya tomoni mavjud tartibni özgartirişga ehtiyoj yöqligini bildirgan, yaʼni yuzaga kelişi mumkin bölgan muammoning oldi olingani aytilyapti. Özbekiston Taşqi işlar vazirligi vatandoşlarni xorijga borganda öşa mamlakat qonunçiligiga rioya qilişga va masʼuliyatli bölişga çaqirdi.

Latviya vazirining taklifiga asos bölgan jinoyatlarga kelsak, Kun.uz suriştiruviga köra, sentabr oyining özida ikkita holat qayd etilgan. Avvaliga Yelgava şahrida 39 yoşli özbekistonlik bolalar maydonçasida kiçik yoşdagi bolaga nisbatan jinsiy xarakterdagi harakatlar qilganlikda gumonlanib uşlangan va sud qarori bilan qamoqqa olingan. Köp ötmay, poytaxt Rigadagi savdo markazlaridan birida boşqa bir Özbekiston vatandoşi kiçik yoşdagi ikki qizga pul evaziga jinsiy xarakterdagi harakatlarni taklif qilgani aytilyapti. Har ikki iş böyiça tergov davom etyapti.

Boşqa bir holat 2025-yil mart oyida, Karnikava şahrida röy bergan. Ayblovga köra, ikki özbekistonlik daryoda suzib yurgan oqquşga ovqat berib, uni suvdan çiqarib olgan. Ulardan biri oqquşning böynini sindirib, boşiga muşt urgan. Keyin quşni qora axlat qopiga solib, maşina yukxonasida olib ketişgan. Bu voqea uç nafar voyaga yetmagan bola köz öngida sodir bölgan. Iş böyiça ikki özbekistonlik salkam 4 yillik probatsiya nazoratiga hukm qilingan; ular heç qanday jarima va qamoqsiz qutulib ketgani esa latiş jamoatçiligida muhokamalarga sabab bölgan. Eʼtirozlardan keyin bu ikki şaxsning Latviyada yaşaş huquqi bekor qilingan.

Bu hafta yana nimalar röy berdi?

Етакчилар МДҲ саммити доирасидаги гастрономик фестивалда / Фото: Ўзбекистон президенти матбуот хизмати

Markaziy Osiyo va Ozarboyjon yetakçilari navbatdagi Maslahat uçraşuviga yiğildi. Turkmanistondagi “Avaza” sayyohlik zonasida ötgan sammitda olti mamlakat prezidenti mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlaş haqida fikr almaşdi. Özbekiston prezidentining sözlariga köra, mintaqaviy jarayon doirasida katta va murakkab tuzilmalarni taşkil etişga intiliş yöq. Bizga moslaşuvçan va tuşunarli format kerak, dedi Şavkat Mirziyoyev. Maslahat uçraşuvining ertasiga MDH sammiti ham bölib ötdi va unda 1-yanvardan boşlab taşkilotga raislik Özbekistonga ötişi belgilandi. Hamdöstlikning 2027-yilgi sammiti 8-9 oktabr kunlari Buxoroda ötkaziladi.

Şifokorlarning farzandlari uçun kontrakt tölovining bir qismini qoplab beriş boşlandi. Bunda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil işlagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uçun bakalavriatdagi kontrakt tölovining 30 foizgaça qismi davlat byudjetidan qoplab berilyapti. Xuddi şunday imtiyoz joriy öquv yilidan boşlab pedagoglarning farzandlariga nisbatan ham tatbiq etilişi belgilangan. Eʼtiborlisi, tibbiyot xodimlaridan farqli ravişda, pedagoglardan muayyan iş staji talab etilmaydi; şuningdek, xususiy sektordagi pedagoglar ham bu imtiyozdan foydalanişi mumkin.

Toşkent davlat texnika universitetining yuzlab talabalari keçasi köçaga haydaldi. Poytaxtdagi bir neçta oliygohga, asosan texnika universitetiga viloyatdan kelib öqiyotgan 300 nafar talaba yotoqxona uçun pul tölagan bölsa-da, 6-oktabr oqşomida binodan çiqarib yuborilgan. Rasmiylarga köra, davlat-xususiy şeriklik asosida yangi qurilgan talabalar turar joyining hali kadastr hujjati yöq va zarur ruxsatlar olinmagan, talabalar esa u yerga norasmiy tartibda, özboşimçalik bilan qabul qilingan. Çiqarib yuborilgan talabalar öşa keça hostelda yoki tanişida tunab qolgan; keyinroq boşqa yotoqxonalar va ijara xonadonlarga joylaşişgani aytilyapti.

Bloger Sirojiddin Odilov 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. YouTube'dagi “Sirojiddin Media” kanali muallifi Sirojiddin Odilov Mirzaçöl tuman sudi tomonidan bir epizod böyiça tovlamaçilik, ikkita epizod böyiça firibgarlik jinoyatlarida aybli deb topildi. Xabar qilinişiça, u jabrlanuvçi deb topilgan uç nafar şaxsga yetkazilgan 75 mln söm zararni töliq qoplab bergan. Yakunda unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qiliş jazosi tayinlandi. Jizzax viloyati sudlari bayonotida bu jinoyat işi Odilovning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatiga aloqador emasligi aytiladi.

Toşkent viloyatida 600 tupga yaqin daraxt noqonuniy qöporib taşlandi. Böstonliq tumani “Ğazalkent” MFYda röy bergan voqeada tadbirkor 2 gektar yer maydonida 586 tup daraxtlarni noqonuniy ravişda ildizi bilan qöporib taşlagan. Ekologiya qömitasi xabariga köra, tadbirkor vakolatli organning qonuniy talablariga böysunmay, qarşilik körsatişga uringan, oxir-oqibat uning harakatlariga ekolopolitsiya tomonidan çek qöyilgan. Qonunbuzarlik natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 1,7 mlrd sömga baholandi. Tekşiruv yakunida töplangan hujjatlar prokuraturaga yuboriladi.