Ar-Riyoddagi qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport faoliyati vaqtinchalik toʻxtatildi, deb xabar berdi Saudiya Arabistoni fuqaro avaiatsiyasi boshqarmasi.

Hukumat aeroportga hujum boʻlganini tasdiqladi, lekin zarba kim tomonidan berilganiga aniqlik kiritmadi.

«Hujum natijasida bir necha kishi jarohatlandi. Jabrlanganlar soni aniqlanmoqda», - deyiladi xabarda.

AFP agentligining xabariga koʻra, oʻnlab kishilar jarohatlangan, kamida besh kishi reanimatsiya boʻlimiga joylashtirilgan.

Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya, Ispaniya va AQSH elchixonalari oʻz fuqarolariga aeroportga bormaslikni tavsiya qildi. Ispaniya elchixonasi bu husiychilarning yangi hujumi bilan bogʻliq ekanligini bildirdi. 

Husiychilar oxirgi marta 8-oktabr kuni Ar-Riyod aeroportiga zarba bergandi. Mazkur hujum oqibatida uch kishi halok boʻlgan.

Avvalroq Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ushbu mamlakatda boʻlib turgan yoki u yerga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarga murojaat qilib, mintaqadagi keskinlik sabab aviareyslar jadvali, parvoz yoʻnalishlari va tranzit qoidalari oʻzgarishi mumkinligini eslatgandi.