6 sentabr, dushanba kuni O‘zbekistonning 10 083 ta umumta'lim maktabida an'anaviy shaklda darslar boshlandi. Bu yil maktablarning 1-sinfiga 600 mingga yaqin bola qabul qilindi.
Xalq ta'limi vazirligi axborotida ularga 12 turdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasi va darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovg‘alari topshirilgani aytiladi, biroq rasmiy xabarda barcha o‘quvchilar ham Prezident sovg‘asini ololmagani haqida yozilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi 1-maktabda 1-sinf o‘quvchilari o‘quv yilining ilk kuninini Prezident sovg‘asisiz boshlashgani haqidagi surat tarqaldi. Ma'lum bo‘lishicha, respublikaning boshqa hududlarida ham shunday holat kuzatilgan.
Kun.uz turli hududlarda suhbatlashgan fuqarolar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda izoh yozib qoldirgan ota-onalar o‘quv qurollari to‘liq tarkibda emasligini aytdi.
To‘plamlarda rangli qalamlar, penal va darsliklar yo‘qligi, kley qotib qolganidan u bilan hech narsani yopishtirib bo‘lmasligi aytilmoqda. Ayrim holatlarda o‘quv qurollari hali yetib kelmagani bois bolalarga faqat darslikning o‘zini tarqatishga to‘g‘ri kelgan.
Xalq ta'limi vazirligi holatga quyidagicha izoh berdi.
“Afsuski, pandemiya yangi o‘quv yili boshlanishining so‘nggi kunigacha ba'zi ota-onalar tomonidan farzandlarining hujjatlarini topshirishini kechiktirdi, shu bilan birga, ba'zi yetkazib beruvchilarning kechikishiga ham olib keldi. Bu esa o‘z-o‘zidan sovg‘alarni hisob-kitob qilishda va to‘liq qilib yetkazishda muammolarni yuzaga keltirdi.
Xalq ta'limi vazirligi ota-onalardan vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishlarini va tez kunda sovg‘alar har bir bolaga yetib borishi ta'minlanishini ma'lum qiladi. Sovg‘alar ichidagi ba'zi yetmay qolgan o‘quv qurollari joyiga qaytadan yetkazilib, tarqatiladi.
Bir hafta davomida mazkur holat to‘liq inventarizatsiya qilib chiqiladi, agar shundan so‘ng ham farzandingizga sovg‘a yoki darslik yetib bormasa, Xalq ta'limi vazirligining (71) 202-09-09 ishonch telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz so‘raladi”, – deyiladi vazirlik axborotida.
Tartibga ko‘ra, Prezident sovg‘asi tarkibidagi papka, o‘quv qurollarini yetkazib berish uchun har o‘quv yili boshlanishi arafasida tender o‘tkaziladi. Bu tenderni Xalq ta'limi vazirligi qoshidagi “O‘quv ta'lim-ta'minot” DUK o‘tkazadi.









