Jahon | 12:05 / 12.09.2021
10212
2 daqiqa o‘qiladi

Haiti bosh vaziri prezidentning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda

Haiti bosh vaziri Ariel Anri prezident Jovenel Moizning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha prokuraturaga so‘roq qilish uchun chaqirtirilgandan keyin Haiti fuqarolarini himoyalash boshqarmasi uning iste'fosini talab qildi.

Foto: REUTERS/Ralph Tedy Erol

“Prezident Jovenel Moizning o‘ldirilishi ishida adolat o‘rnatilishi va bu ish bo‘yicha tergov davom etishi uchun Ariel Anri darhol iste'foga chiqishi lozim”, deb aytilgan boshqarma bayonotida.

Haiti mobil aloqa operatori bosh vazir Moiz o‘ldirilgandan bir necha soat o‘tib prezidentning ehtimoliy qotillaridan biri Jozef-Feliks Badyo bilan telefon orqali gaplashganini tasdiqlagandan keyin u prokuraturaga ko‘rsatma berishga chaqirtirilgan. Anri prokuraturaga 14 sentyabrda kelishi belgilab qo‘yilgan.    

Boshqarmada ta'kidlanishicha, bu ma'lumot paydo bo‘lgandan keyin Anri endilikda prezident o‘ldirilishida gumonlanuvchiga aylanadi va shu sababli xalqaro hamjamiyat uni qo‘llab-quvvatlamasligi kerak.

2017 yildan Haitiga rahbarlik qilib kelgan Jovenel Moiz 7 iyulda o‘z qarorgohiga uyushtirilgan hujum vaqtida halok bo‘lgan. Moizning rafiqasi Martin Moiz ham jarohatlar olgan va Mayamiga davolanish uchun olib ketilgan. Keyinroq Martin Moiz yollanma qotillar turmush o‘rtog‘ining islohotlari uchun uni va oilasini o‘ldirmoqchi bo‘lganini aytgan.

Moizning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumonlanib 26 kishi qo‘lga olingan. Ularning aksariyatini kolumbiyaliklar tashkil qiladi. Biroq yollanmalar orasida amerikalik fuqarolar ham bor bo‘lib, ularning ta'kidlashicha, ular faqatgina tarjimonlik qilishgan va Moizning o‘ldirilishini Mayk ismli xorijlik buyurtirgan.

Moizning o‘limidan keyin mamlakat boshqaruvini Anri o‘z qo‘liga olgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid