Vazirlikning 20-oktabrdagi xabarlariga koʻra, yangi tayinlangan rahbarlar bunga qadar konsalting, taʼlim metodikasi va texnik kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarida faoliyat yuritgan.
Oybek Behzodovich Yoʻldoshev taʼlim va ilm-fan vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar PwC Uzbekistan kompaniyasining davlat sektori, infratuzilma va ESG boʻyicha konsalting amaliyoti direktori boʻlib ishlagan.

Mehriniso Doniyorovna Pardayeva taʼlim va ilm-fan vaziri oʻrinbosari boʻldi. Tayinlovga qadar Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida boshqarma boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.

Sanjar Mahamatjan oʻgʻli Mirzaliyev ham vazir oʻrinbosari etib tayinlandi. U avval Belarus–Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori boʻlgan.

Yangi oʻrinbosarlar tanishtirilgan yigʻilishda ijro intizomi masalalari ham muhokama qilingan. Topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, masʼuliyatni oshirish hamda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan.
















