So‘nggi yillarda «snos» so‘zi O‘zbekiston aholisi o‘rtasida eng ommalashgan so‘zlardan biriga aylandi. Tadbirkorlar-u fuqarolardan qaysidir ma'noda tortib olinayotgan mulk uchun kompensatsiya masalasi hamon muammoligicha qolmoqda.

Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasi ta'mirlanishi doirasida piyodalar yo‘lagi hamda veloyo‘lak tashkil etilishi munosabati bilan shu yo‘l yuzida joylashgan bir nechta obektlar ham buzilish arafasida. Obekt egalari va mahalla ahli esa bundan norozi bo‘lmoqda.

«Ko‘p yillardan beri shu do‘kon orqasidan kun kechiramiz. Shu yilning 27 avgust kuni Yunusobod tuman hokimiyatidan odamlar kelib do‘konimiz buzilishini, bu yerdan yo‘lak o‘tishini aytishdi. Bu haqdagi hokim qarorini so‘raganimizda, hozir buzaverishimizni, qarorni esa keyin ko‘rsatishlarini, kompensatsiya masalasi ham keyinroq hal qilinishini ma'lum qilishdi. O‘sha kuni kechga borib hech bir ogohlantirishsiz do‘kondan elektr hisoblagichni yechib olib ketishdi. Oqibatda do‘kondagi muzqaymoqlar erib ketib, shu kunning o‘zida 6-7 mln atrofida zarar ko‘rdik.

Oradan bir hafta o‘tib hokimiyatdan o‘zini Akmal Qurbonov deb tanishtirgan shaxs qo‘llarida ogohlantirish xati va buldozer bilan do‘konni buzishga keldi. Yonimizdagi do‘kon buzildi, mahalla ahli chiqib qarshilik ko‘rsatganimizdan so‘ng bizning do‘kon buzilmay qoldi. Shahrimiz obod bo‘lishiga qarshi emasmiz, ammo do‘kon uchun kompensatsiya berishlarini talab qilamiz. Chunki bu do‘kon uchun qancha mehnatimiz singgan, bularga ko‘p qiyinchiliklar bilan erishganmiz. Qarz ko‘tarib, ijarada yashab, 40 ming dollarga olganman», deydi do‘kon egasi Ulug‘bek Shukurov.

Ma'lum bo‘lishicha, mahalla ahliga yaqin va qulay joyda joylashgani uchun do‘kon buzilishiga aholi vakillari ham qarshilik ko‘rsatishgan.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida shaxsan Yunusobod tuman xokimi Jahongir Ibrohimov bilan bog‘landi. Bu bo‘yicha barcha hujjatlar hamda qaror mavjudligi va mas'ul shaxslar tomonidan tezda yetkazilishi haqida aytildi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay tegishli hokim qarori emas, 11 sentyabr sanasi bilan imzolangan ma'lumotnoma taqdim etildi xolos.