Ekspertlar Duterte butunlay siyosat bilan xayrlashayotganiga ishonqiramayapti va bu ketish sababini may oyidagi saylovlarda uning qizi prezidentlikka nomzod sifatida qatnashishida ko‘rishmoqda.

Konstitutsiyaga binoan Duterte ikkinchi muddatga saylana olmaydi va shu tufayli u vitse-prezident bo‘lishi kutilgandi. Ammo shanba kuni Manilada bo‘lib o‘tgan, o‘z nomzodini ilgari surishi kutilgan tadbirda u barchani hayratlantirgan holda vitse-prezidentlikka nomzodini qo‘yishi «konstitutsiyaga to‘g‘ri kelmasligi»ni aytdi.

«Aksariyat filippinliklar meni nomunosib nomzod va konstitutsiya buzilishi mumkin deb hisoblamoqda. Bir necha yil avval meni prezident etib saylagan odamlar xohishiga bo‘ysungan holda siyosatdan ketishimni e'lon qilaman», dedi Duterte.

Duterte o‘zining noodatiy chiqishlari bilan tilga tushgan, shuningdek narkotik savdosiga qarshi murosasiz urush ochgan, natijada Filippinda minglab kishilar sudsiz, so‘roqsiz ko‘chalarda otib tashlangan. Uning o‘zi bir necha bor narkofurushlar va giyohvandlarni jismonan yo‘q qilishga chaqirgan hamda o‘z qo‘llari bilan uch nafar narkofurushni o‘ldirganini aytgan.

Prezidentning qizi

Dutertening siyosatdan ketishi uning qizi Sara Duterte-Karpio mamlakat prezidentligi uchun nomzodini qo‘yishi haqidagi xabarlar fonida yangradi.

Ayni vaqtda 42 yoshda bo‘lgan Duterte-Karpio Filippin janubidagi Davao shahri meri hisoblanadi.

U joriy yilda Filippinda o‘tkazilgan barcha jamoatchilik so‘rovlarida yetakchilik qilgan, ammo shu vaqtgacha saylovlarda ishtirok etishi haqida gapirmagandi.

Xususan, o‘tgan oyda u prezidentlik poygasida ishtirok etmasligini aytgan, otasi bilan keyingi saylovlarda (vitse-prezidentlik uchun) ulardan biri ishtirok etishi borasida kelishib olishganini ma'lum qilgandi.

Lekin endi Dutertening o‘zi qizi 2022 yil may oyida o‘tkaziladigan saylovlarda prezidentlikka nomzodini ilgari surishini ma'lum qildi.

Filippinda prezident va vitse-prezident lavozimlariga nomzodlar birgalikda kurash olib boradi. Endilikda Sara Duterte-Karpio bilan birga vitse-prezident lavozimiga Dutertening ko‘p yillik yordamchisi, senator Kristofer Bong Go kurash olib boradi. ABS-CBN telekanalining xabar berishicha, amaldagi prezident muxbirning «Demak, bu Sara va Go bo‘ladimi?» degan savoliga «Sara va Go» deb javob bergan.

Filippin prezidentligi uchun birinchi bo‘lib 42 yoshli taniqli bokschi, 8ta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Menni Pakyao o‘z nomzodini ko‘rsatgan.