Viza. Bu so‘zni eshitganda ko‘pchilik boshqa mamlakat hududiga kirish huquqini beruvchi xalqaro hujjatni tushunadi. Ammo bugun viza deb talaffuz qilinuvchi boshqa bir yirik biznes giganti – VISA haqida gaplashamiz.

Har qanday yirik brendlar insonlar hayotini osonlashtirgani uchun muvaffaqiyatga erishgan. VISA mana shunday kompaniyalardan biri. Hamma ham bir qop tanga yoki bir dunyo qog‘oz puli bo‘lishini istaydi, ammo bu qanchalik ajoyib bo‘lmasin, ularni olib yurish shunchalik noqulay ham. O‘tgan asrning 50-yillariga kelib, dunyoning turli mamlakatlarida millionlab odamlar mana shunday muammoga duch keladi.

1958 yil 18 sentyabrda AQShning eng mashhur banklaridan biri Bank of America BankAmericard kartasini joriy qildi. Karta odamlar orasida ommalashishi uchun Bank of America katta tavakkalga qo‘l urdi. Bank Frezno shahri va unga yondosh hududlarda yashovchi odamlar uyiga jami 65 000 bank kartalarini tarqatib chiqdi. Tasavvur qiling, uyg‘onib tonggi gazetani pochta qutingizdan olishga chiqsangiz, u yerda siz uchun tayyorlab qo‘yilgan karta turibdi.

Ushbu loyihani boshlab olishga Bank of America 8 million dollar sarfladi. AQSh dollarining 2019 yildagi holati bilan solishtirganda, bu ish taxminan 70 million dollarga tushgan. Bu pullar Kaliforniyadagi yirik shaharlardan biri bo‘lgan Freznoni terminallar bilan ta'minlab chiqish, reklama va kartani tayyorlab, yetkazib berish xizmatlariga sarflandi. Shuningdek, San Fransisko, Sakramento, Los Anjyeles va Kaliforniyaning boshqa shaharlarida ham BankAmericard kartalari tarqatildi. 1959 yil yakuniga qadar Kaliforniya bo‘ylab 2 millionta karta tarqatildi va 20 mingdan ziyod savdo shoxobchalari ushbu bank kartalarini qabul qilardi.

Bank of America’gacha ham bir qator kichik banklar shunga o‘xshash tizimlarni amaliyotga tatbiq etishga uringan, ammo bu samarasiz yakunlanadi. BankAmericard xatolardan xoli emasdi. Uning ixtirochisi Jozef Uilyams 1956 yildan e'tiboran Bank of Americaning tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i edi. 1959 yilda u iste'foga chiqadi. Yil oxiriga kelib federal politsiya BankAmericard bilan bog‘liq bir qator jinoyatlarni aniqlaydi. Shundan so‘ng, Bank of America rahbariyati matbuot anjumani o‘tkazib, yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, barcha zararlarning qoplanishi va bank kartasi bilan muammo yuzaga kelgan odamlarga yangilangan kartalar taqdim etilishini e'lon qiladi.

Bank o‘sha paytda 20 million dollar zarar ko‘radi. Ushbu voqeadan so‘ng, BankAmericard’ga bo‘lgan ishonch birmuncha pasayadi va ular bilan bir paytda faoliyat boshlagan Master charge qariyb 20 yilga bozorni o‘z nazoratiga oladi. Shunga qaramay, Bank of America rahbarlari bu biznesning kelajagi porloq ekaniga ishonib, ishlashda davom etdi.