Jahon | 09:41 / 28.10.2021
9027
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya yana bir davlatga o‘zining Bayraktar dronlarini eksport qiladi

Turkiyaning Baykar kompaniyasi Bayraktar TB2 zarbdor dronlari eksport qilinuvchi davlatlar soni yana bittaga oshganini ma'lum qildi.

Foto: AFP

“Biz yana bir davlat bilan Bayraktar TB2 SIHA’ni yetkazish bo‘yicha shartnoma tuzdik”, deb ma'lum qilingan kompaniyada.

Xabarda dronlar eksport qilinadigan davlatlar soni 13 taga yetgani ma'lum qilingan. Biroq bu qaysi davlat ekaniga aniqlik kiritilmagan.

O‘tgan hafta Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Bishkek Turkiyadan Bayraktar, Rossiyadan esa “Orlan 10Ye” razvedka dronlarini sotib olishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgandi. Uning ta'kidlashicha, hozirda qirg‘iz harbiylari drondan foydalanish bo‘yicha Turkiyada o‘qitilmoqda. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti davlatlari ichida turk dronlarini sotib oladigan birinchi davlat bo‘ladi. 

Bungacha Bayraktar TB2 Ozarboyjon tomonidan sotib olingan va 2020 yil kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi ixtilof vaqtida qo‘llangan.  

Shu yil sentyabrida esa Bayraktar Turkmanistonning 30 yilligi munosabati bilan Ashxobodda o‘tgan paradda namoyish qilingan.

26 oktyabrda ukrainalik harbiylar Bayraktar Donbassdagi harbiy amaliyot hududida ilk bor qo‘llanganini ma'lum qilishgan.

Ukraina 2019 yilda o‘z qurolli kuchlari uchun Turkiyaning Roketsan kompaniyasining yuqori aniqlikdagi MAM-L aviabombalari bilan qurollangan Bayraktar TB2 dronlarini sotib olgan. Shartnoma qiymati va tafsilotlari rasman ma'lum qilinmagan. Biroq ochiq manbalardan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, shartnoma qiymati 69 mln dollarni tashkil qilgan, Ukrainaga 6 ta dron, 2 ta boshqaruv stansiyasi, 200 dona raketa hamda ehtiyot qismlar yetkazish ko‘zda tutilgan.   

Mavzuga oid