«MYu» — triller bo‘yicha birinchi

F guruhi
«Atalanta» — «Manchester Yunayted» — 2:2 (Ilichich, 12. Sapata, 56 — Krishtianu Ronaldu, 45+1, 90+2)

Oldinga muammolardan tog‘ yasab, keyin undan qahramonlik qilib o‘tish — «qizil iblislar»ning sevimli odatiga aylandi. Ular yevrokubok o‘yinida gol o‘tkazib yuborishi — deyarli aksioma. So‘nggi o‘n besh o‘yinda faqat o‘tgan yili «Leypsig»ning tor-mor etilishi (5:0) istisno bo‘lgan. Ole Gunnar Sulsherning baxtiga, unda navbati bilan qahramonliklar ko‘rsatuvchi Supermen bor.

29 sentabr, «Old Trafford». Krishtianu Ronaldu qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada «MYu»ga «Vilyarreal» ustidan irodali g‘alaba keltirdi (2:1).

20 oktabr, voqea joyi o‘sha. Portugaliyalik futbolchi o‘yin oxirini haqiqiy trillerga aylantirdi, «Atalanta»ga qarshi 0:2 hisobida yutqazayotgan jamoa 3:2 hisobida g‘alaba qilib ketdi.

2 noyabr, Bergamo, yana bir konsert. Ilichichning birinchi bo‘limdagi goliga mehmonlar fantastik darajada chiroyli kombinatsiya bilan javob qaytarishdi - bu hujum oxirida Brunu Fernandesh tovoni bilan ortga pas tashlab berdi va Krishtianu to‘pni darvozaga mixladi. Lekin bu hali hammasi emasdi. Ikkinchi bo‘limda arbitr videotakrordan keyin Sapataning golini hisobga oldi, demak Ronaldu yana Supermenga aylanishi talab etilardi. Bu esa uning uchun oddiy ish, qo‘shib berilgan daqiqalarda futbol qo‘llanmalariga kiritsa bo‘ladigan zarbasi bilan jamoasini yana bir bor qutqardi.

Bu chindan ham aql bovar qilmas hodisa. «Oltin to‘p»ning besh karra sohibi jamoa Sulsherni qo‘llab-quvvatlashi kerak ekanini aytgandi va buni o‘zi uddalamoqda. Norvegiyalik mutaxassis undan har qancha minnatdor bo‘lsa arziydi, Bergamodagi o‘yinda Krishtianu «MYu» safidagi gollari soni bo‘yicha uni quvib o‘tib, gollari sonini 127taga yetkazgan bo‘lsa ham (norvegiyalik mutaxassis jami 366 o‘yinda bu natijaga erishgan, portugaliyalikka uni ortda qoldirish uchun 303 o‘yin yetarli bo‘ldi).

Ronalduning bu o‘yindagi boshqa natijalari:

  • «MYu» safida YeChLda 2+ gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi — 36 yosh 270 kun. Umuman, turnir tarixida esa faqat Filippo Indzagi undan oldinda — 2010 yil, 37 yosh 86 kunligida.
  • «MYu»dagi gollarini 127taga yetkazib, Sulsherni (126) ortda qoldirdi. 
  • Bu mavsumda 15ta bahsda 15ta to‘p kiritdi.