«Arsenal» — «Uotford» — 1:0
Gol: 1:0 – 56 Smit-Rou.
Arsenal – Remsdeyl, Tomiyasu, Gabriel, Uayt, Nunu Tavaresh, Saka, Smit-Rou (El-Nenni, 86), Meytlend-Naylz, Lokonga, Lyakazett (Edegor, 69), Obameyang.
Uotford – Foster, Femeniya, Ketkart, Nkulu, Rouz, Sissoko, Kutska, Tufan (Joao Pedro, 62), Sarr, King, Dennis (Ernandes, 74).
Chetlatish: Kutska (89).

Smit-Rou va Tavaresh. Foto: Arsenal matbuot xizmati

O‘z o‘yinini topib olgan «kanonirlar» birinchi bo‘lim davomida tinimsiz ravishda Klaudio Raneri qurgan devorni buzib o‘tishga harakat qilishdi, lekin to‘pga egalik qilish bo‘yicha uch barobar ustunlik ham naf keltirmadi. Aniqroq aytganda, bo‘lim boshida Saka urgan gol videotakrordan keyin ofsayd qayd etilib, bekor qilindi, keyin 38 yoshli Foster Obameyang ijrosidagi penaltini bartaraf etdi. Gabonlik futbolchi joriy mavsumda ikki urinishida ham «nuqta»dan adashdi, londonliklar jamoasi bosh murabbiyi sifatida 100-o‘yinini o‘tkazgan Mikel Arteta jamoaning shtatdagi penaltichisini almashtirish haqida o‘ylamoqda.

Ammo asosiysi, ispaniyalik mutaxassis ixtiyorida o‘yindan gol urishga qodir futbolchilar bor. Ayniqsa bu mavsumda yanada yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Smit Rou qatorasiga uchinchi o‘yinda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va «Arsenal»ning ayni vaqtdagi asosiy yulduzi kim ekanini yana bir bor isbotladi. London klubi rahbariyati o‘tgan yozda ushbu iste'dodli futbolchisini tarkibda saqlab qolish uchun Grilishning transferidan keyin katta pulga ega bo‘lgan «Aston Villa»ning bir necha takliflarini rad etgan va u bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagandi. Bundan tashqari, Smit Rou jamoada Mesut O‘zildan keyin bo‘shagan 10-raqamli futbolkani o‘ziniki qildi.