O‘zbekiston | 08:45 / 11.11.2021
11640
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari Slovakiyaga ishga jalb qilinadi

O‘zbekiston fuqarolarini Slovakiyaga ishga jalb qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda. 

Foto: Migratsiya agentligi

Qayd etilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri birinchi o‘rinbosari E.Muhiddinov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i X.Umarov, Slovakiyaning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi Ya.Bori hamda «SLOVMEDIA SK s.r.o.» kadrlar agentligi vakili T.Bretsk ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, xususan, kasb va chet tillariga o‘qitish, xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berilib, fuqarolarni Slovakiyada ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va «SLOVMEDIA SK s.r.o.» kadrlar agentligi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Slovakiyaga tashkillashtirilgan tarzda ishga jalb qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Mazkur memorandum doirasida fuqarolarni yuk mashinalari haydovchisi yo‘nalishi bo‘yicha ishga yuborish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq, Rossiya o‘zbekistonlik migrantlar uchun asosiy mehnat bozori bo‘lib qolayotgani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid