Bugun videoo‘yinlar bilan professional shug‘ullanayotganlar soni aktiv sportning uncha-muncha turidan ko‘proq. 2021 yil oktabr oyida Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan “The International” kibersport bo‘yicha jahon chempionatida Rossiya terma jamoasi birinchi o‘rinni egallab, 18 mln dollarni qo‘lga kiritdi.

1940-50-yillarda paydo bo‘lgan videoo‘yinlar bugun dunyo iqtisodiyotida katta o‘rin egallagan yo‘nalishlardan biriga aylanib ulgurgan. O‘zbekistonga ham 1990-yillarda videoo‘yinlar kirib kela boshladi. Hozirda o‘rta yoshdagi insonlar “Super Mario” va “Mortal Kombat” kabi o‘yinlarni yaxshi eslashadi.

Avvallari videoo‘yinlar vaqt o‘tkazish va charchoq chiqarish uchun o‘ynalgan bo‘lsa, bugun bu soha bilan professional shug‘ullanayotgan insonlar bor. Bugun dunyo o‘zgardi, shu o‘rinda videoo‘yinlar ham. Ularning yangi turlari ko‘payib, soha o‘ziga xos bozor sifatida shakllandi. Hatto keyingi Olimpiada o‘yinlari orasida kibersport bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi ham belgilandi.

Kun.uz O‘zbekistonda kibersport va unga yaqin yo‘nalishlarda mashg‘ul yoshlar bilan suhbatlashdi.

Diskleymer: Mazkur ko‘rsatuv kompyuter o‘yinlarini o‘ynashga targ‘ibot emas. Eslatib o‘tamiz, kompyuter o‘yinlariga berilib ketish bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. 2018 yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti onlayn va videoo‘yinlarga qaramlikni kasalliklar ro‘yxatiga kiritgan.

G‘ayratbek Madaminov

G‘ayratbek Madaminov Xorazm viloyatidan. Taxallusi – Fezot. Yoshligidan kompyuter o‘yinlariga qiziqqan va ko‘p vaqtini shunga sarflagan.

G‘ayratbek 2019 yilda YouTube ijtimoiy tarmog‘ida videoo‘yinlarni sharhlab boruvchi (strim) kanal ochishga qaror qiladi va ushbu ishni boshlaydi. Hozirda uning kanalida 174 mingdan ziyod obunachi bor. Asosan qiziqarli, yangi chiqqan hamda obunachilar tomonidan tanlangan videoo‘yinlarni o‘ynash va ularni sharhlash bilan shug‘ullanadi.