Ma'lum qilinishicha, Kitob tumanida huquqni himoya qilish organlari xodimlari tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida tuman hududida arzonlashtirilgan narxlarda aholi iste'moli uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gaz ballonlarni noqonuniy ravishda avtomashinalarga yoqilg‘i sifatida to‘ldirib berish bilan shug‘ullanayotgan shaxslar qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, Kitob tumani «Bo‘ston» MFYda istiqomat qiluvchi X.J. uyida portlash xavfi yuqori bo‘lgan propan gaz ballonlarni texnika xavfsizlik me'yorlariga zid ravishda, qo‘lbola usulda avtomashinalarga har bir gaz ballonni 80 ming so‘m evaziga to‘ldirib bergan. Tadbir davomida fuqaroning yashash xonadonidan yana 16 dona suyultirilgan gaz ballonlari mavjudligi aniqlangan.

Shunga o‘xshash holat tumanning Xalqlar do‘stligi mahallasida ham sodir etilgan. Ushbu mahallada yashovchi O.X. o‘z xonadonida mahalliy novvoylar hamda haydovchilar uchun suyultirilgan gaz ballon bilan doimiy ravishda «xizmat» ko‘rsatib kelgan. Uning ham xonadonidan 13 dona gaz ballon topilgan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi har ikki holat bo‘yicha surishtiruvlar o‘tkazilmoqda va gaz ballonlar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.