Qashqadaryoda kredit botqog‘idan chiqishni istab avtomobilini sotmoqchi bo‘lgan fuqarolar aldanib qoldi. Ularga mashina uchun shu paytgacha to‘lagan mablag‘larini qaytarib berish va qolgan kreditni o‘z zimmasiga olishni va’da qilishgan. Kelishuvdan keyin esa na mashina topilgan, na kredit to‘langan.
Qashqadaryo viloyatida kreditga mashina olgan o‘nlab odamlar firibgarlar tuzog‘iga tushib qoldi. Jabrlanganlar Kun.uz’ga murojaat qilib, vaziyat qanday bo‘lganini aytib berishdi.
Sxema qanday ishlagan?
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlik sxemasi asosan avtokredit bo‘yicha to‘lov qilayotgan, ammo moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan fuqarolarga qaratilgan. Ularga mashina uchun shu vaqtgacha to‘langan mablag‘ni qaytarib berish, kredit to‘lovlarining qolgan qismini har oy o‘zlari so‘ndirib borish, kredit muddati yakunlanganidan keyin esa avtomobilni yangi egasi nomiga rasmiylashtirish va’da qilingan.
Ishonch uyg‘otish maqsadida mashinani qabul qilib olish jarayoni videoga olingan. Tasvirga olish vaqtida ma’lum miqdorda pul berilgan. Biroq videotasvir tugashi bilan berilgan mablag‘ qaytarib olingan hamda to‘lov ertasi kuni notariusda rasmiylashtirish vaqtida amalga oshirilishi aytilgan. So‘ngra mashina olib ketilgan.
Shu tariqa, mashina g‘oyib bo‘lgan, berilgan va’da bajarilmagan: aldanganlar esa kreditdan qutulmagani yetmaganday mashinadan ham ayrilib qolavergan.
“Bankka bir so‘m ham to‘lanmagan”
Aldanganlardan biri Nurbek Shodmonov. Uning ta’kidlashicha, firibgarlar aynan kreditga mashina olib, to‘lovlarni to‘lay olmay qolganlarni “ovlagan”.
“Qarshi shahriga kelishyapti va avtokreditga olingan mashinalarni izlashyapti.
2024 yil iyul oyida kreditga yangi Gentra olganman. 54 mln so‘m boshlang‘ich to‘lov qilganman. Mashinaning tannarxi 191 mln 600 ming so‘m edi. Oyiga 4 mln so‘mdan to‘lov chiqqan. Men buni to‘lashga qiynalyapman desam “1000 dollar boshlang‘ich to‘lov sizga beramiz, qolgan to‘lovlarni o‘zimiz davom ettiramiz. Mashinani Toshkentga olib borib, Rent-car’ga ishlatamiz. 1-2 yildan keyin xohlasangiz mashinani o‘zingizga qaytarib beramiz. Sizga bankdan, hech joydan so‘rab kelmaydi, oyma-oy kreditlaringizni yopamiz o‘z vaqtida”, degan.






