O‘zbekiston | 09:46 / 26.11.2021
1552
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda mashinasidan giyohvandlik moddasi chiqqan shaxs ichki ishlar xodimiga pora bermoqchi bo‘ldi

Foto: IIB axborot xizmati

Qarshi shahrida o‘tkazilgan tadbir davomida mashinasidan giyohvandlik moddasi chiqqan shaxs ichki ishlar xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 24 noyabr kuni soat 10:50 larda Qashqadaryo viloyati IIB PPX va JTSB PPX bataloni va YHXB xodimlari hamkorlikda Qarshi shahar hududida “Tig‘ʼ” tadbiri o‘tkazgan. Tadbir davomida shaharning Mustaqillik ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Nexia-3 mashinasi to‘xtatilib, haydovchi Qarshi shahar “Bog‘ishamol” MFYda yashovchi S.I.ga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Tadbir davomida IIB xodimlari tomonidan Nexia-3ʼning yukxonasi ko‘zdan kechirilganida, zaxira g‘ildiragining yonida matoga o‘ralgan shubhali buyum borligi aniqlangan. Mato ichida sigaret qutisiga joylangan yashil rangli, o‘tkir hidli giyohvandlik moddasi bo‘lib, 1,84 gramm tosh bosgan.

Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, fuqaro S.I. o‘ziga nisbatan to‘plangan hujjatlarni tergov organlariga o‘tkazmaslik va chora ko‘rmaslik evaziga, viloyat IIB PPX va JTSB PPX bataloni komandiri kapitan Oybek Amonov bilan muloqotga kirishib, 3 million so‘m pul taklif qilgan.

Kapitan O.Amonov fuqaroga bu xatti-harakati qonunga zid ekanini tushuntirsa ham S.I. unamaydi. Shundan so‘ng kapitan O.Amonov IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.

Kapitanning bildirgisiga asosan, 2021 yil 24 noyabr kuni soat 19:35 da IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbirda fuqaro S.I. Qarshi shahar IIO FMB ma'muriy binosida O.Amonovga 1 million 700 ming so‘m pullarni pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy-dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro S.I.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid