Jamiyat | 15:09
916
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda giyohvandlik moddasi bilan ushlanganlar 15 yilga qamaldi

2025 yil avgust oyida Uzun tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikistondan 20 kg 374 gr “opiy” va 41 kg 668 gr “gashish” olib kirganlikda gumonlangan 5 nafar shaxs qo‘lga olindi. Sud hukmi bilan ularning har biri 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: DXX

Giyohvandlik vositalari kontrabandasi va savdosiga qarshi kurashish doirasida 2025 yilning avgust oyida DXX Chegara qo‘shinlari, DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Uzun tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan 2 nafar mahalliy fuqaro davlat chegarasini buzgan holda Tojikiston Respublikasidan 20 kg 374 gr “opiy” va 41 kg 668 gr “gashish” moddalarini olib kelgan vaqtida ushlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sheriklari — Uzun tumanida yashovchi, 2000 va 2004 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs hamda “ajal og‘usi”ning buyurtmachisi hisoblangan Denov shahrida istiqomat qiluvchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi hukmiga asosan, qonunbuzarlar Jinoyat kodeksining 223-, 246-, 273-moddalari bilan aybli deb topilib, ularning har biriga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yana bir bor eslatadi: jinoyatga jazo muqarrar. Hech bir sabab bunday jinoyatni sodir etishni oqlamaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid