Deputatlardan kutilmagan taklif

Shu kunlarda Oliy Majlisda keyingi yilgi Davlat budjeti muhokama qilinyapti. Doimgidek, Vazirlar Mahkamasi kiritgan loyiha katta o‘zgarishlarsiz tasdiqlanishi ehtimoli yuqori.

Lekin ayrim umidbaxsh yangiliklar ham yo‘q emas. Shu hafta deputatlar kutilmaganda “dekret puli” va “bola puli” masalasini ko‘tarib chiqdi.

Hukumat bu mavzudan ancha yillardan beri qochib kelyapti. Bu haqdagi savollarga javoban yangi tizimga o‘tilishi haqida faqat va’da berilyapti xolos.

Xalq demokratik partiyasining bayonoti maqtovga loyiq, unda masala aniq-tiniq qilib ko‘ndalang qo‘yilgan: “Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi xodim davlat yo nodavlat tashkilotda ishlashidan qat’i nazar barcha ayollar uchun kafolatli ravishda davlat tomonidan to‘lanishi kerak”.

Gap shundaki, budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga bola parvarishi nafaqasi, xalq tilida aytganda “bola puli” to‘lanmayapti. Ularning bitta-yu bitta “aybi” – davlat tashkilotida ishlab, davlatga xizmat qilgani.

Xususiy sektordagi ayol xodimlarga esa budjetdan nafaqat “bola puli”, balki “dekret puli” ham berilayotgani yo‘q. Aniqroq aytganda, ularga homiladorlik va bola parvarishi nafaqalarini to‘lash ish beruvchilar zimmasiga yuklab qo‘yilgan. Bu – xalqaro talablarga zid. Va shundayligi ham bejizga emas: amaliyotda juda ko‘p ish beruvchilar bu to‘lovni to‘layotgani yo‘q.

Amaldagi tartibni hech ikkilanmay millionlab ayollar va bolalar huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi deb baholash mumkin. Farzand ko‘rish va tarbiyalash, ya’ni jamiyat oldidagi eng asosiy burchini bajarishi tufayli vaqtincha ishlay olmayotgan ayollar o‘zlari to‘lagan soliqlar hisobidan nafaqa olishga haqli. Uzoqqa borish ham shart emas: bunaqa tartib 2010 yilgacha O‘zbekistonda ham amalda edi.

O‘tgan yili “dekret” va “bola puli” masalasida moliya vaziri Timur Ishmetovga Senatda savol berilgan edi. Vazir o‘shanda budjet imkoniyatlari cheklanganini ro‘kach qilib, “ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak” degan iborani ishlatgandi