“O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” nafaqat yurtimiz, balki xorijdagi yoshlarimizni ham qamrab olishni maqsad qilgan. Forum doirasida Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tomonidan Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh hamda Rossiya Federatsiyasida ayni paytda tahsil olayotgan, shuningdek, mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar uchun turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, taqdimotlar, bayram tadbirlari uyushtirishni rejalashtirgan.
Vatandosh yoshlarni o‘zaro birlashgan holda, xorijiy tajriba samarasida ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa masalalarni o‘zaro muhokama qilishadi va yakunda O‘zbekiston rivoji uchun amaliy takliflar ishlab chiqiladi.
Jumladan, 18 dekabr kuni Janubiy Koreyada magistratura va doktoranturada tahsil olayotgan yosh tadqiqotchilar ilm-fan hamda texnologiyalar sohasida g‘oyalarini ommalashtirishga qaratilgan ilmiy ishlar taqdimoti o‘tkaziladi. Uch yo‘nalishni o‘z ichiga qamrab olgan taqdimotlar quyidagi sho‘'balarga bo‘linadi:
- aniq fanlar (axborot texnologiyalari va muhandislik);
- gumanitar fanlar (biznes, iqtisodiyot va turizm);
- ta'lim va tibbiyot.
Taqdimotda o‘z ilmiy izlanishlari bilan qatnashishni istagan yoshlar 12 dekabrga qadar ushbu havola orqali ariza to‘ldirishlari talab etiladi. Eslatib o‘tamiz, eng yaxshi ilmiy ish taqdimotchisi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Forum ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida tadqiqotchilarning barcha transport xarajatlari qoplab beriladi.
Shu kuni, ya'ni 18 dekabrda Turkiyaning Istanbul shahrida “O‘zbekiston yoshlari forumi – Turkiya” yoshlar anjumani o‘tkaziladi. Anjuman quyidagi yo‘nalishlarda ish olib boradi:
- Uchinchi Renessans (ijtimoiy-iqtisodiy);
- New Media (OAVning yangi yo‘nalishlari);
- Kelajak liderlari (boshqaruv);
- Ijodiy (kitobxonlik va san'at).
Turkiyada tahsil olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan yoshlarimizdan anjumanda ishtirok etish uchun 12 dekabrga qadar ariza yuborishlari so‘raladi.
Ilmiy izlanishdagi yoshlarni bir nuqtaga jamlashni va o‘zaro fikr-mulohaza almashishni maqsad qilgan anjumanda eng eng yaxshi ilmiy ish muallifi hamda taqdimotchisi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Shuningdek, Forum ishtirokchilarining barcha transport xarajatlari tashkilotchilar tomonidan qoplanadi.















