O‘zbekiston | 14:43 / 16.12.2021
28279
2 daqiqa o‘qiladi

Uzoq kutilgan parvoz yo‘nalishi: Farg‘ona – So‘x reysi aviachiptasi qanchadan sotilmoqda?

12 dekabr kuni «Humo Air» aviakompaniyasiga qarashli An-2P yo‘lovchi tashish samolyoti Farg‘ona xalqaro aeroportidan So‘x aerodromiga birinchi qatnovini amalga oshirdi. Aynan mana shu kundan e’tiboran Farg‘onadan So‘xga muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Kun.uz muxbiri ushbu aviaqatnov bo‘yicha ma’lumot olish uchun Farg‘ona xalqaro aeroporti tashishni tashkillashtirish xizmati smena boshlig‘i Doniyor Shermatov bilan suhbatlashdi.

«Ichki turizmni rivojlantirish, viloyatdagi anklav hudud hisoblangan So‘x tumani aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularga sharoit yaratish maqsadida haftaning dushanba va juma kunlari aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi. Farg‘ona shahridan soat 10:00 da parvoz qilgan uchoq So‘x tumaniga yetib borib, soat 12:00 da So‘x aerodromidan Farg‘ona tomon ko‘tariladi. Parvoz davomiyligi 30 daqiqadan iborat.

Doniyor Shermatov, Farg‘ona xalqaro aeroporti tashishni tashkillashtirish xizmati smena boshlig‘i

Eksklav hudud hisoblanadigan So‘x tumani aholisi shu paytgacha yerusti transportida Farg‘onaga kelish uchun xorijga chiqish biometrik pasporti bilan Qirg‘iziston chegara hududini kesib o‘tishar edi. Endilikda aviaqatnov amalga oshirilishi sababli yo‘lovchilar oddiy fuqarolik pasporti yoki ID kartasi bilan parvozni amalga oshirishi mumkin.

Samolyot 10 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Bir tomonga uchish narxi 150 ming so‘m qilib belgilangan. Yo‘lovchilar chiptalarni Farg‘ona, Andijon va Namangan aeroportlaridan, So‘xda esa tuman hokimiyat binosidan xarid qilishi mumkin.

Talabga qarab reyslarni bir kunda 2 mahal amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Samolyot A-80 benzini bilan uchadi. Benzin tannarxi qimmatlashib ketgani uchun narx qimmat belgilangan. Hozircha «Humo Air» aviakompaniyasiga qarashli bitta An-2P yo‘lovchi tashish samolyoti jalb qilingan», dedi aeroport rasmiysi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid