IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan, Tracker rusumli, 01 202 VSG davlat raqam belgili avtomobil biriktirilgan haydovchi xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani haqida ma’lum qildi.
«Ijtimoiy tarmoqda Trasker rusumli, davlat raqami 01 202 VSG bo‘lgan maxsus transport vositasining haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzganligi holati aks etgan video tarqaldi.
Video Toshkent viloyati IIBB YHXB xodimlari tomonidan o‘rganildi va mazkur avtomobil haydovchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK 128/5 moddasi tartibida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shu o‘rinda barcha haydovchilarni yo‘l harakati qoidalarga rioya qilishga chaqirib, qoidabuzarliklarga befarq bo‘lmagan jamoatchilik nazorati vakillariga minnatdorchilik bildiramiz», deyiladi Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i matbuot kotibi ma’lumotida.

Bungacha nima bo‘lgandi?
Telegramdagi AvtoblogUz kanali 14 dekabr kuni Qoidabuzar VSG sarlavhali postida yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlanayotgan Tracker videosini joylashtirdi.
Keyinroq ushbu mashina Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Olim Saidovga tegishli ekani, shuningdek, mazkur avtomobil nomida jarimalardan 148,4 mln so‘m qarzdorlik yig‘ilib qolgani haqida xabarlar tarqaldi.
Katta ehtimol bilan, bunday xabarlarga AvtoblogUz muallifining Olim Choriqulovichga murojaati sabab bo‘lgan.

YHXBB mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabatida Tracker bosh boshqarma boshlig‘iga emas, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ikkinchi mintaqaviy hudud rahbari, polkovnik Ibrohim Hasanovga biriktirilganini ma’lum qilgan. Avtomobilni uning haydovchisi Odil Sangilov boshqargani ta’kidlangan.


















