“Respublika GAI” boshlig‘i ishdan olindi: u iste’fosidan avval sohada bahsli o‘zgarishga qo‘l urdi. “O‘zavtosanoat” BYD'ning eng arzon modellarini ishlab chiqarmoqchi: va’daga vafo qilinsa, narx 13 ming dollardan oshmasligi kerak. Raqobat qo‘mitasi yirik kompaniyalar bilan sudlashishga tayyor: “Lukoyl” va “Korzinka”ga rasman ayblovlar e’lon qilindi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

YHXX boshlig‘i almashdi

Avtohalokatlarga oid tanqidlar fonida, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rahbari almashdi. Olim Saidov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga vazirlikda Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan polkovnik Sherzod Ibragimov tayinlandi.

Olim Saidov yo‘l harakati xavfsizligi tizimini 4,5 yil boshqardi, ya’ni unda ayanchli ahvoldagi tizimni butkul isloh qilish, yo‘llarda rosmana xavfsizlikni ta’minlash uchun yetarlicha vaqt bor edi. Shunga qaramay, yo‘llardagi behisob avariyalarga qarshi tayinli choralar ko‘rilmadi, eng progressiv islohotlar kechiktirildi, hatto qoidabuzar haydovchilar imtiyozlarga ko‘mildi.

Saidov ketishi oldidan tizimda qilgan oxirgi o‘zgarishlaridan biri uning 4,5 yillik faoliyatiga ramziy haykal bo‘ldi deyish mumkin. Bu o‘zgarishga ko‘ra, endi qoidabuzar haydovchilar million marta tezlikni oshirsa ham, faqat va faqat jarima bilan qutulaveradi, ustiga-ustak jarima to‘lashda million marta chegirmadan ham foydalana oladi. Vaziyatga qoidabuzarlar ko‘zi bilan qaraganda, yo‘llarda xohlagancha tezlikda yursa bo‘ladi, faqat buning uchun Ichki ishlar vazirligining tegishli fondiga to‘lov qilinsa bo‘ldi.

Gap shundaki, Olim Saidov ishdan olinishidan bir kun oldin, 17 iyulda imzolangan hukumat qarori bilan, yo‘l harakati sohasida qator yangiliklar belgilandi. Bu yangiliklardan biriga ko‘ra, tezlik qoidabuzarligi ko‘chma radarlar, xalq tilida aytganda “Nexia-3” yoki “uchoyoq” orqali qayd etilganida, haydovchilar YPX xodimidan radar ko‘rsatkichi bilan tanishtirishni va qurilmaning sertifikatini ko‘rsatishni talab qilish huquqidan mahrum bo‘ldi. Ayni shu huquq mobil radarga tushgan qoidabuzar haydovchilarga bu masalada sudlashish