O‘zbekiston | 17:05 / 25.12.2021
23222
2 daqiqa o‘qiladi

«Aviakerosin qimmatligi uchun Toshkentga emas, Chimkentga qo‘nganmiz» - «Gazprombank» raisi o‘rinbosari 

Qashqadaryo viloyatidagi Uzbekistan GTL zavodi ochilishida xorijiy hamkorlar ham so‘zga chiqdi. “Gazprombank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Aleksey Matveyev o‘z boshidan o‘tgan voqeani gapirib berdi.

Foto: airliners.net/senior

“Zavod ishga tushishi natijasida aviakerosin narxi sezilarli arzonlashi kutilmoqda. Bir safar uzoqroq parvozni amalga oshirayotgandik. O‘rtada yoqilg‘i quyish uchun to‘xtashimiz kerak bo‘ldi. Chimkentga qo‘ndik. Nega Toshkentga emas, Chimkentga qo‘ndik, deb so‘rasam, javob shunday bo‘lgan: Toshkentda aviakerosin qimmat”, dedi Aleksey Matveyev.

Innovatsion texnologiyalar asosida barpo etilgan zavod o‘zini o‘zi energiya bilan ta’minlaydi, ya’ni texnologik jarayonlarda hosil bo‘ladigan bug‘ hisobidan, yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 

Zavodda ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan va texnologiyalarni boshqarish, monitoring va xavfsizlikni ta’minlash kabi muhim jarayonlarga inson omili ta’siri juda kam darajada ekanligi qayd etildi.

UzGTL sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish majmuasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz qayta ishlanadi, undan yiliga 1,5 million tonna yuqori sifatli va ekologik toza sintetik yonilg‘i, jumladan, 307 ming tonna kerosin, 724 ming tonna sintetik dizel yonilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz kabi neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan UzGTL mahsulotlari birinchi navbatda, respublikaning neft mahsulotlariga, xususan, dizel yonilg‘isi va kerosinga, shuningdek, suyultirilgan gazga bo‘lgan ichki ehtiyojini qoplash uchun yetkazib beriladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifatli bo‘lgani uchun eksport qilish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.

Mavzuga oid