AQSh Moliya vazirligi 21 noyabr kuni Rossiyaning Gazprombankiga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. Bu – O‘zbekistonning rivojlanayotgan tog‘-kon sanoati uchun jiddiy “bosh og‘rig‘i” bo‘lishi mumkin. Ushbu tarmoq hozirgacha 4,8 milliard dollarlik “Yoshlik” konini o‘zlashtirish loyihasini moliyalashtirishda rus bankiga tayanib kelgan, deya yozadi The Diplomat.
“Gazprombank xalqaro to‘lov tizimidan chetlashtirilgach, O‘zbekistonning “Yoshlik” konini kengaytirish bo‘yicha eng muhim loyihasini amalga oshirishda uzilishlar yuzaga kelishi mumkin, ayni paytda mamlakat muqobil kreditorlar topishga shoshiladi yoki ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo‘lish xavfi mavjud”, deyiladi maqolada.
Shuningdek, bu O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Yevropa konchilik va muhandislik kompaniyalari, banklar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan eksport-kredit agentliklariga ham jiddiy moliyaviy zarba berishi mumkin.
O‘zbekistonda mis qazib olish ishlari davlatga qarashli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshiriladi. Ayni paytda kombinat qiymati 4,8 milliard dollarlik “Yoshlik” konini kengaytirish loyihasi ustida ishlayapti. Bu loyiha konda mis ishlab chiqarishni 78 foizga oshirib, 2026 yilda 264 ming tonnaga yetkazishi ko‘zda tutilgan. Oltin ishlab chiqarish ham 50 foizga oshib, 800 ming unsiyaga yetishi kerak. Kompaniya raisining ta’kidlashicha, islohotlar OKMKni dunyo miqyosida mis rudasini qayta ishlash bo‘yicha yetakchi korxonaga aylantiradi.
May oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgandi, “Yoshlik” loyihasi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha muzokaralar doirasida muhokama qilingandi.
Rossiya 2021 yildan beri mazkur loyihaga qiziqib keladi, o‘sha paytda Gazprombank va Rossiyaning davlat taraqqiyot banki VEB.RF OKMK bilan Rossiyadan tog‘-kon uskunalarini sotib olishni moliyalashtirish bo‘yicha 2 milliard dollarlik kelishuvga erishgandi. 2022 yilda VEB.RF bilan 800 million dollarlik bitimning bir qismi bekor qilinadi. Bu bankning AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchrashi fonida yuz berdi.
Oktyabrda e’lon qilingan OKMKning rivojlanish strategiyasida Gazprombank loyihadagi asosiy investor sifatida aniq ko‘rsatilgan. Xususan, Rossiya banki 1 milliard dollar miqdorida kredit taqdim etgan, shundan 670 million dollari allaqachon Germaniyaning Thyssenkrupp, Shveytsariyaning ABB Group va Britaniyaning Weir Group kompaniyalaridan konchilik uskunalarini xarid qilish uchun ishlatilgan.







