O‘zbekiston | 11:06 / 31.12.2021
3637
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Foto: Kun.uz

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasiga ko‘ra, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning samaradorligini o‘rganishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish tartibi joriy qilinadi.

Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, shu jumladan mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlik yanada kuchaytiriladi.

Jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqish ham mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, jamoaviy murojaatlar asosida yangi qurilgan va ta’mirlangan infratuzilma obektlari sifatini tekshirish amaliyoti joriy etiladi.

Kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ehtiyojmand aholini kasbga o‘rgatish kabi ijtimoiy foydali loyihalarni amalga oshirishni nodavlat notijorat tashkilotlarga ochiq tanlov asosida taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid