15 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga o‘sdi. Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. O‘zini o‘zi band qilganlar soni 700 mingga ko‘payib, 1,2 millionga yetdi.

Rasmiy relizda bunday natijalarga “faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash natijasida” erishilgani aytiladi.

“2022 yilni Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili, deb e’lon qildik. Shu bois bu yil barcha mahallalarda tub o‘zgarishlar bo‘lishi kerak”, – dedi davlat rahbari.

Yangi yildan 9 309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi. Bu tizimga mas’ul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar hal qilib berildi.

Yig‘ilishda mahallabay ishlash tizimini tashkil etish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Xususan, mutasaddilar mahallada hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etib, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga shaxsan mas’ul bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Hokim yordamchilari “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari doirasida o‘z mahallalarida o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy reyestrni qaytadan yangilashi lozimligi ta’kidlandi.

Bunda, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

“Aholini o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilishga katta hajmda kredit va subsidiyalar ajratilmoqda. Lekin, joylarda aksariyat odamlar ulardan bexabar desak, bu ham haqiqat. Shuning uchun hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, ularga mavjud sharoitlarni yetkazishi, tadbirkorlik va dehqonchilikka o‘rgatish orqali kambag‘allikdan chiqarishi lozim”,