— Shota, «Hall Siti»ga xush kelibsan. Nimalarni his qilyapsan?

 — Juda ham xursandman. Avvalo, menga ushbu imkoniyatni berganlarga minnatdorchilik bildiraman. O‘ylashimcha, futbol olamidagi istalgan odam Angliya chempionatida faoliyat olib borishni istaydi. Butun oilamiz – otam, onam mening bu yerda ekanligimdan faxrlanishmoqda. Birinchi uchrashuvni sabrsizlik bilan kutmoqdaman. Bugundan ushbu klubda faoliyat boshlayapman va jamoadagi barchani ko‘rishdan mamnunman.

 — «Hall Siti»da seni nima o‘ziga jalb etdi?

 — Angliya futboli atmosferasini his qilib ko‘rish imkoniyati. Men bu yerda bobolari qo‘lini ushlab olgan yosh bolakaylarning hattoki 4-divizion uchrashuvlariga ham katta qiziqish bilan borishlarini ko‘rganman. Gruziyada ulg‘ayganman, birinchi marotaba 6 yoshimda, 1979 yilda futbol ko‘rish uchun maydonga borganimni eslayman. O‘shanda otam va bobom meni «Dinamo Tbilisi» — «Liverpul» bellashuviga olib borishgandi. Bizning jamoa ularni 3:0 hisobida yengishga muvaffaq bo‘lgandi. O‘shanda yomg‘ir yog‘ayotgandi, odamlar maydonga oqib kelardi va otam menga, meni mahkamroq ushlab ol, deb qayta-qayta aytardi. Shunday qilib men futbolga mehr qo‘yganman va bunga ingliz jamoasi ham o‘ziga xos turtki bo‘lgandi.

 — Niderlandiya, Isroil, Turkiya va O‘zbekistonda murabbiylik faoliyati olib borishga ulgurding. Ushbu davlatlarda orttirgan tajribang haqida nima deya olasan?

 — Afsuski, hanuzgacha o‘z ona tilim, gruzin tilida murabbiylik qilmaganman. Va albatta, men kabi yosh murabbiy uchun turli ligalar, turli madaniyat juda foydali va professional sifatida o‘sishimga yordam beradi. O‘ylashimcha, kichik faoliyatim davomida bir qator to‘g‘ri qarorlar qila oldim va shuning uchun menga «Hall Siti»da ishlash imkonini taqdim etishdi.

Foto: Reuters

 — Sen Lui Van Gal, Dik Advokat va Ronald Kuman singari tajribali murabbiylar bilan ishlagansan. Ulardan nimalarni o‘rganganman, deya olasan?

 — Aytib o‘tishim kerakki, ulardan hech narsani ko‘chirib olishni istamayman. Hech qachon bunday qilmaganman ham. Lekin ulardan minnatdorman. Biz ikki turlicha davr murabbiylarimiz. Doim ham bir xil uslub barcha jamoalarda ish beravermaydi. Har bir jamoani boshqarishda yangi reja, dastur ishlab chiqish kerak. Lui bilan birga ishlagan vaqtimda undan ko‘p narsalarni o‘rganganman. O‘z navbatida, siz aytgan murabbiylar bilan tortishib qolgan vaziyatlarim ham bo‘lgan. Biroq ular bilan juda yuqori darajali uchrashuvlarda murabbiylik qilish mas’uliyati, tajribasini his qilishga erishdim.