DW xabariga koʻra, safar rejasini TASS manbasi, Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore va Finlandiya prezidenti Aleksander Stubb tasdiqlagan. Axios va The New York Times ham tashrif haqida xabar bergan.
Styore va Stubb uchrashuv Sankt-Peterburgda boʻlishini aytgan. TASS suhbatdoshi esa Uitkoffning Rossiyaga borishini tasdiqlab, qaysi shaharga kelishiga aniqlik kiritmagan.
Oslodagi muzokaralarda Zelenskiy, Uitkoff, Styore va Stubb ishtirok etgan. Axios maʼlumotiga koʻra, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha va NATO vakillari ham qatnashgan. AQShning ikkinchi muzokarachisi, Trampning kuyovi Jared Kushner gripp bilan kasallangani sababli, OAV xabarlariga koʻra, muloqotga masofadan ulangan.
Uchrashuvda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari, hududiy masalalar, sanksiyalar va urushdan keyin Yevropada xavfsizlikni taʼminlash tizimi muhokama qilingan.
Finlyandiya prezidenti muzokaralar yakunida ham kelishuvning umumiy shartlari, ham qisqa muddatli maqsadlar boʻyicha «real siljish»ga erishilganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, muhokama qilingan gʻoyalar 21-oktabrda Sankt-Peterburgda taqdim etiladi.
Reuters bilan ismi oshkor qilinmasligi sharti asosida gaplashgan amerikalik rasmiy Ukraina Osloda yangi gʻoya va takliflarni ilgari surganini bildirgan. U Putin bilan muzokaralardan maqsad Ukraina va Yevropa bilan erishilgan siljishni davom ettirish hamda takliflarni Rossiya tomoni bilan muhokama qilish ekanini aytgan.
Zelenskiy matbuot anjumanida Putin, Tramp va Xitoy rahbari Si Jinpin oʻrtasida Ukraina urushi boʻyicha ehtimoliy uchrashuv haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirgan. Bunday uchrashuvni noyabrda oʻtkazish taklifi haqida avvalroq The Wall Street Journal yozgan edi.
«Agar gap Ukraina va bizning kelajagimiz haqida ketsa, bu faqat biz ham muzokaralar stoli atrofida boʻlganimizdagina qabul qilinishi mumkin», - degan Ukraina prezidenti.
U avvalroq Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida ham «keyingi kutilmagan holatlarning oldini olish» uchun ehtimoliy uchrashuv tafsilotlarini bilishni istashini aytgan.
















