B-21 ilk bor namoyish etilganidan buyon uning oʻlchamlari, ayniqsa, qanotlari qulochi haqida turli maʼlumotlar tarqalgan. Aviatsiya havaskorlari tayyorlagan yoki sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan ayrim materiallarda bu koʻrsatkich 39 metrdan ham kam deb keltirilgan.
Yangi baholash uchun Kaliforniyadagi Edvards aviabazasining 2026-yil 20-iyunda olingan va yaqinda Google Earth’da eʼlon qilingan sunʼiy yoʻldosh suratidan foydalanilgan. Samolyotning oʻlchamlari platformaning masofa oʻlchash vositalari yordamida hisoblangan.
Nashr hisob-kitobiga koʻra, B-21ʼning qanotlari qulochi taxminan 46,3 metrni tashkil etadi. Shunday qilib, u bu koʻrsatkich boʻyicha oʻzidan oldingi B-2 Spirit samolyotidan qariyb 12 foiz kichik. Uzunligidagi farq ham taxminan shuncha.

Bu raqamlar sunʼiy yoʻldosh tasviri asosidagi baholash boʻlib, ishlab chiqaruvchi eʼlon qilgan rasmiy texnik koʻrsatkichlar sifatida taqdim etilmagan.
B-21ʼning B-2ʼdan kichikroq boʻlishi avvaldan kutilgan. Materialda taʼkidlanishicha, Northrop Grumman yangi samolyotni yaratishda parvoz masofasi, ekspluatatsiyani arzonlashtirish va radarlarga kam sezilish xususiyatlariga alohida eʼtibor qaratgan. Eng katta jangovar yukni tashish esa asosiy ustuvorlik boʻlmagan.
Shu bois B-21 oʻlchamlarining kichikligi uning imkoniyatlarini faqat B-2 bilan tashqi taqqoslash orqali baholash uchun yetarli emas: yangi samolyot boshqa talab va vazifalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
















